Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti va Farg‘ona davlat universitetida talabalarga berilayotgan nazorat test savollaridagi kamchilik va muammolar aks etgan suratlar tarqaldi. Ushbu holatga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.

Troll.uz Telegram-kanalining yozishicha, Andijon davlat tibbiyot institutida talabalarga mantiqsiz va aksariyatdagi to‘g‘ri javoblar mavjud bo‘lmagan savollar berilgan.

Foto: Troll.uz.

Suratda «Fozil odamlar shahri» kitobi muallifi kim degan savol berilgan va unga to‘g‘ri javob sifatida Fir’avn ko‘rsatilgan. Aslida to‘g‘ri javob Abu Nasr Forobiy, biroq javoblar orasida bunday variant mavjud emas. Boshqa bir savolda esa ijro hokimiyati sifatida sud ko‘rsatilgan. To‘g‘ri javob esa — Vazirlar Mahkamasi.

Yana birida «Qaysi davlatda kikboksing korrupsiyaning eng keng tarqalgan turi hisoblanadi?» degan savolni ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, Troll.uz kanalida e’lon qilingan boshqa bir holatda shu kabi xatoliklar Farg‘ona davlat universitetida ham yo‘l qo‘yilgani qayd etilgan.


Foto: Troll.uz.

Ushbu suratda savol quyidagicha yozilgan: «Germaniya-3, Rossiya-44, Polsha-84, Fransiya-87, Amerika-96 o‘rinda, 1-o‘rindachi?» Qaysi ko‘rsatkich yoki aynan nima yo‘nalishda so‘ralayotganiga aniqlik kiritilmagan. Javoblar qatorida esa Vodorod, Xitoy, Everest va Burj Halifa qayd etilgan.

«Gazeta.uz» muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida ADTI va FarDU matbuot kotiblari bilan bog‘landi.

ADTI matbuot kotibi Oydina Xusainova hozirgi paytda bu vaziyatga rasmiy munosabat tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Kechga yaqin esa institut rasmiy kanalida ushbu savollar davolash fakultetining 1-bosqich talabalariga Inson xuquqlari moduli fanidan tushgani qayd etildi.

«Talabalar uchun tuzilgan testlar mas’ul fan o‘qituvchisi tomonidan tahrirlanmagan. Test olish jarayoni yaqinlashib qolganligi sababli testlar tahrirlanmagan variantda talabalarga taqdim qilingan. Test jarayonida savollar yana qayta ko‘rib chiqilib, xatoliklari to‘g‘rilangan va yana talabalarga taqdim qilingan», — deyiladi xabarda.

Holat ijtimoiy gumanitar kafedrasi mudiri tomonidan o‘rganilib, «bunday vaziyat yana qaytarilmasligi uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rib chiqilgan». Institut ma’muriyati talabalardan uzr so‘radi.

FarDU esa ushbu xabarlarning feyk ekanligiga ishontirmoqda. «Hozirgi kunda Farg‘ona davlat universiteti o‘quv jarayoni barcha yo‘nalishlarda HEMIS platformasi orqali amalga oshirilmoqda, ushbu tarqalayotgan ma’lumotlar Farg‘ona davlat universitetiga tegishli emas», — deyiladi xabarda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirda ko‘plab OTMlarda qishki semestrni yakunlashga mo‘ljallangan imtihon jarayonlari onlayn tarzda bo‘lib o‘tmoqda.

«Mazkur jarayonda ayrim OTMning nazorat topshiriqlardagi savollarda ularni tuzishdagi xato va kamchiliklar (savollarga aniqlik yetishmasligi, javoblarda to‘g‘ri javobga yaqin variantlar saralanmagani, rus tilidagi savolda javob variantlar lotin yozuvida ham berilgani va boshqalar)ga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatilgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi OTMning nazorat ishlari uchun tayyorlangan savollarni tuzishdagi mazkur holatlarni mas’uliyatsizlik sifatida baholaydi», — deyiladi izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda ushbu holatlar ustidan vazirlik nazorati kuchaytirilgan.