O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni «Hindiston — Markaziy Osiyo» birinchi sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

U o‘z nutqida mintaqaviy hamkorlik yo‘nalishlarini strategik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olishni taklif qildi.

«Birinchi ustuvor yo‘nalish — ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish orqali, Hindistonning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini keng joriy qilish asosida inson kapitalini rivojlantirish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mamlakatda hindistonlik hamkorlar bilan ochilgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tarmog‘ini Hindiston yetakchi tibbiy universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari negizida yanada kengaytirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Sog‘liqni saqlash sohasida Hindiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash, ayurveda ta’limotlari va yoga amaliyoti hamda Ibn Sino risolalari asosida zamonaviy sog‘liqni saqlash yutuqlarini to‘ldirib turadigan an’anaviy tibbiyot usullarini joriy qilishni muhim deb hisoblaymiz», — deya ma’lum qildi davlat rahbari.

Ushbu tashabbuslarni tizimli amalga oshirish maqsadida har yili «Hindiston — Markaziy Osiyo» sog‘liqni saqlash forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekistonda Hindistonning 3 ta yetakchi universiteti faoliyat yuritayotgani, ularda 4000 ga yaqin talaba tahsil olayotganini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, Hindiston kompaniyalari mamlakatda «IB» dasturi doirasidagi xalqaro maktablar tashkil etishga investitsiya kiritishni boshladi. Hindistonning tillarga o‘qitish metodikasi joriy qilinmoqda.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida u oliy ta’lim muassasalarining filiallari va professional ta’lim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Prezident O‘zbekiston va Hindistonning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma rejalarida — uchinchi mamlakatlar bozorlariga dasturiy mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, shu jumladan biznes jarayonlarining autsorsingi o‘rin olganini ma’lum qildi.

IT sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev raqamli innovatsiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda harakatlar dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

«Ushbu tashabbusni amaliy ro‘yobga chiqarish uchun Javaxarlal Neru nomidagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalari markazi imkoniyatlarini ishga solishga tayyormiz», — dedi u.

Hamkorlikning ikkinchi eng muhim strategik ustuvorligi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishdan iborat, dedi davlat rahbari.

Mamlakatlar biznesi va hududlari darajasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev «Hindiston — Markaziy Osiyo» ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga yangi sur’at bag‘ishlashni taklif etdi.

Kengash investitsiyalar va savdo sohalarida o‘zaro to‘ldirib turish omili asosida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash uchun tadbirkorlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga faol ko‘maklashishi lozim.

«Shu bilan birga, Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerusti transport yo‘llari mavjud emasligi iqtisodiy munosabatlarimizning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan biz Chabahor porti orqali yangi yo‘lakni ishlab chiqishga kirishdik. Bu port „Shimol-Janub“ tashabbusi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasida yuklar yetkazib berishning muhim bo‘g‘iniga aylanishi mumkin va shart», — deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mamlakatlar transport vazirlarining uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda vazirlarning birinchi yig‘ilishi kun tartibiga «Quruq» portlar tarmog‘ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda bir xil chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi tartibotlarini soddalashtirish masalalarini kiritishni taklif qildi.

Prezident Hindiston bosh vaziri tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro quyosh alyansiga qo‘shilish niyatida ekanini bildirdi.

«„Yashil“ energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini joriy yil sentabr oyida Orolbo‘yida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkaziladigan xalqaro forumda batafsil muhokama qilishni taklif qilamiz», — dedi u.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish — madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik, deya qayd etdi prezident.

U umumiy merosni bo‘lajak avlodlar uchun saqlab qolish maqsadida muzeylar hamkorligi, ko‘rgazma va anjumanlar, shu jumladan onlayn shaklda tashkil etish, qo‘lyozma fondlarini raqamlashtirish va qo‘shma virtual kutubxonalar yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan birgalikdagi tadbirlar dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.

Shuningdek, Hindiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlarida Hind kinosi haftaligi va Hind madaniyati festivalini o‘tkazishni taklif qildi.

«Biz oldimizga qo‘ygan rejalar muvaffaqiyatli amalga oshishining eng muhim sharti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdir, — deya ta’kidladi davlat rahbari. — Afg‘onistondagi murakkab vaziyat umumiy e’tiborimiz markazida qolmoqda. Ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz avj olmasligiga yo‘l qo‘ymaslik hamda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish muhim. Bu Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlashga hamda Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi».

O‘z nutqi yakunida prezident O‘zbekistonning yakuniy Dehli deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.