Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning IV choragida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari O‘zbekiston bo‘yicha 5,1 foizga o‘sgan. Xususan, Toshkent shahri bo‘yicha narxlar 4,2 foizga oshgan.

2021 yilda 2020 yilga nisbatan 14,5 foizga ko‘p oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirildi. Uy-joy oldi-sotdi shartnomalarining sezilarli o‘sishi Namangan (42 foizdan ortiq), Buxoro (+38 foiz), Andijon (+34 foiz) va Samarqand viloyatlarida (31 foizdan ortiq) kuzatildi. Shu bilan birga, poytaxtda uy-joy sotib olish va sotish bo‘yicha bitimlarning ulushi 2020 yildagi 33 foizdan 2021 yilda 29 foizgacha kamaydi, Toshkent viloyatida esa 14 foizdandan 12 foizgacha pasaydi.

Shuningdek, bir necha viloyatlarda uy-joy narxlari o‘sishi 10 foizdan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Jumladan, Buxoro viloyatida — 14,5%, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida — 12,1%, Samarqand viloyatida esa — 10,7 foizga qimmatlashish kuzatilgan. Narxlarning yuqori o‘sish sur’atlariga qaramay, Sirdaryo viloyati mamlakatda eng arzon uy-joy sotib olish mumkin bo‘lgan hudud bo‘lib qolmoqda.

2021 yil II-IV choraklari uchun ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar (ming so‘m; % chorakdan chorakka o‘zgarishi)

Foto: Markaziy bank

Markaziy bankning qayd etishicha, uy-joy narxlaridagi o‘zgarishlar inflyatsiya ko‘rsatkichi, pul o‘tkazmalari hajmidagi o‘sish va ayirboshlash kursining barqarorligi bilan bog‘liq.

«2021 yil avgustdan boshlab O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkent shahrida uy-joy narxlariga haddan ziyod ta’sir o‘tkazuvchi yana bir omil paydo bo‘ldi. Bu — yerning bozor narxi. Yerning legal bozor narxi va oboroti qonunchilikda legitimlashgandan keyingi o‘tgan oylarda yer narxi juda yuqori sur’atda oshib bormoqda. Bu hozircha Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kuzatilyapti. Lekin yaqin oylarda qolgan markazlarda ham buni sezish mumkin bo‘ladi. Nazarimizda, O‘zbekistonda 2022 yilda qimmatlashadigan eng asosiy aktiv yer bo‘ladi», — deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Ko‘chmas mulkning jahon bozoridagi holati

Qayd etilishicha, 2021 yil davomida jahon ko‘chmas mulk bozorida ham narxlar o‘zgarishda davom etdi, pandemiya va virusning yangi shtammlari ushbu tendensiyaning tezligi va intensivligini oshirdi. Uy-joy narxiga, birinchi navbatda, past foiz stavkalari katta ta’sir ko‘rsatdi, bu ko‘chmas mulkning investitsion jozibadorligini oshirdi, shuningdek, makroiqtisodiy jarayonlardan cheklangan taklif va inflyatsiya ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Xususan, 2021 yilning ikkinchi yarmidan boshlab inflyatsiyaning tezlashishi aholining o‘z jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilish istagini uyg‘otgan asosiy omilga aylandi.

Ma’lumot uchun: pandemiya davrida barcha tartibga soluvchi organlar — ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda — pul siyosatini mos ravishda yumshata boshladilar, bu mablag‘larning aktivlarga, shu jumladan ko‘chmas mulkka yo‘nalishiga sabab bo‘ldi. O‘sib boruvchi inflyatsiya butun dunyoda investorlar va aholini tashvishga soladigan asosiy masalaga aylanganda, ko‘chmas mulkka himoyalangan aktiv sifatida qaraladi.

Knight Frank konsalting kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning III choragida
uy-joyning o‘rtacha narxi yillik hisobda 9,4 foizga oshdi (taqqoslash uchun: ikkinchi chorakda o‘sish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,2 foizni tashkil etgan).

Narxlar indeksi shakllantirilgan 56 ta davlatdan 54 tasida o‘sish kuzatildi. Shuni ta’kidlash kerakki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuqori inflyatsiya darajasi tufayli nominal va ko‘chmas mulk narxlarining o‘sishi farq qiladi.

To‘rtinchi chorak boshida dunyoda eng yiriklardan biri bo‘lgan Xitoyda ko‘chmas mulk bozorida vaziyat keskinlashuvi sodir bo‘ldi. China Evergrande ishlab chiqaruvchisining likvidlik inqirozi murakkab va keng ko‘lamli xususiyatga ega bo‘lib, jahon moliya bozori ishtirokchilarida inqiroz qo‘rquvini uyg‘otdi.

Xitoy Xalq banki mamlakat moliya tizimi nazorat qilinishi mumkinligini aytdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham Xitoyda barcha zarur narsalar mavjud, deb hisoblashini ma’lum qildi. Jahon bozorlari uchun salbiy oqibatlardan biri Xitoyda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi bo‘lishi mumkin, bu esa import qilinadigan xomashyo va tovarlarga bo‘lgan talabning qisqarishiga ta’sir qiladi. Shuningdek, investorlar faolligining va qimmatli qog‘ozlar bozorida sotuvning pasayishiga, ya’ni Xitoy pul birligi yuan va rivojlanayotgan mamlakatlar valyutalarining qadrsizlanishiga olib keladi.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda ko‘pchilik mamlakatlar pul-kredit siyosatining nisbatan qattiqlashishini kutmoqda (2021 yilda boshlangan foiz stavkalarining yanada oshishi va xarid dasturlarini qisqartirish). Bu uy-joy ko‘chmas mulk bozorini to‘g‘rilashga, talabni kamaytirishga va taklifni oshirishga hissa qo‘shishi mumkin va narxlarni pasaytirish uchun asos bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ikkilamchi bozorda uy-joylar narxi II chorakda o‘rtacha 5,7 foizga ko‘tarilgandi. Narxlar eng ko‘p Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida qimmatlashdi, barcha oldi-sotdi shartnomalarining uchdan biri esa Toshkentga to‘g‘ri kelgan.