Prezident 26 yanvar kuni «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [103-son] qarorga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.
Qarorga asosan ehtiyojmand aholi qatlamlari zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi.
2022 yildan boshlab:
- yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profili (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholanadi;
- 40 yoshdan oshganlar yiliga kamida bir marta skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi;
- yurak-qon tomir kasalliklari aniqlanganlarning yagona elektron reyestri yuritiladi va reyestrdagi 200 mingdan ziyod aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasi bepul beriladi;
- ehtiyojga ko‘ra tuman (shahar) shifoxonalari koagulometr uskunasi va zarur reaktivlar bilan ta’minlanadi.
2023 yil 1 yanvargacha yurak-qon tomir kasalliklari xavf-stratifikatsiyasini baholash uchun mobil ilova yaratiladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallarida kardiologiya yo‘nalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bosqichma-bosqich 15 turdan 35 turgacha oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan 2023 yil 1 yanvarga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Markaz) klinikasini ko‘p tarmoqli klinika sifatida transformatsiya qilish va zarur bo‘lgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash choralari ko‘riladi.
Bunda:
- 2023 yil 1 yanvarga qadar Markazda yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari tashkil etiladi;
- 2022 yil 1 fevralga qadar Markazning yurak qon-tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari hamda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 5 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni yo‘naltiriladi;
- preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika va boshqa yo‘nalishlarda yangi ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilsin hamda Markazda 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlarning yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanadi;
- 2022 yil yakuniga qadar, keyinchalik esa har yili Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning nufuzli tibbiyot muassasalarida 30 nafardan kardiolog mutaxassislarning Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi hisobidan malakasi oshiriladi.
Bundan tashqari, 2023 yil yakuniga qadar Markazning barcha hududiy filiallarida telemeditsina va telemetriya markazlarini tashkil etiladi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 9 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda yurak-qon tomir kasalliklarini davolash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishini ma’lum qilingandi.