Prezidentning 26 yanvardagi «Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga asosan 1 fevraldan an’anaviy va masofaviy (aralash) usulda tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

1 aprelgacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 1 apreldan endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni ta’minlash uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi.

Unga ko‘ra:

  • oilaviy shifokorlar endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo‘yicha qayta tayyorlanadi;
  • endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi.

Shuninndek, 2022−2024 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi. Endi har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam aloqa o‘rnatiladi.

Qarorga ko‘ra, bemorlar quyidagilar bilan bepul ta’minlanishi belgilandi:

  • 25 yoshgacha bo‘lgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;
  • qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va o‘sish gormoni) bilan;
  • 25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
  • qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan bemorlar metformin dori vositasi bilan.

Qolaversa, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy tibbiyot muassasalaridan tanlab olingan 50 nafargacha endokrinolog mutaxassislar har yili nufuzli xorijiy endokrinologiya markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilanmoqda.