Energetika vazirligi 27 yanvar kuni soat 16:00 dan O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganini qayd etdi. Keltirilishicha, ayni paytda respublikadagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasidan tashqari barcha elektr stansiyalarning ish faoliyati tiklangan.

«Hududgazta’minot» xabariga ko‘ra, 28 yanvar soat 11:00 holatiga respublikada tabiiy gaz ta’minoti ham to‘liq tiklandi. Shuningdek, bugun soat 11:00 dan 16:00 ga qadar ta’mirlash ishlari olib borilishi tufayli Yunusobod va Olmazor tumanlarining 2 mahallasida tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

«O‘zsuvta’minot» esa 27 yanvar soat 21:00 holatiga, mamlakat bo‘yicha ichimlik suvi ta’minoti to‘liq qayta tiklanganini ma’lum qilgandi.

25 yanvar kuni Markaziy Osiyo energetika tizimida ulkan avariya yuz berdi. U O‘zbekistonda elektr stansiyalari, gaz konlari, aeroportlar, vokzallar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa infratuzilmalar faoliyatining to‘xtashiga olib keldi. Siyosatshunos, elektr energetikasi bo‘yicha ekspert Pyotr Svoik «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida ushbu kollapsning yuz berishi sabablari, mintaqa energiya halqasi qanday tuzilishga egaligi, AES qurilishi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin-mumkinmasligi va ushbu inqiroz yana takrorlanishi ehtimollari haqida so‘zladi.