Farg‘onada «Yangi O‘zbekiston» massivlari turkumiga kiruvchi O‘zbekistondagi birinchi ekoshahar qurilishi boshlandi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

27 yanvar kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda massivga tamal toshi qo‘yilgan. Unda Qur’on tilovat qilinib, qurilish ishlariga start berilgan. Dastlabki bino poydevoriga maktub solingan kapsula joylashtirilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

«Birinchi bosqichda 80 ta ko‘p qavatli uylarni bunyod etishni rejalashtiryapmiz. Ikki yilda ekoshaharning qurilishini yakunlamoqchimiz. Bu yerdagi har bir ishning o‘z egasi bor. Tasavvur qiling ikki yilda mana shu 300 gektarlik dasht maydon o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar, „Yangi O‘zbekiston“ bog‘i, maktab, poliklinika, qo‘yingki, barcha infratuzilmaga ega shaharcha paydo bo‘ladi», — dedi viloyat hokimi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘i bilan Janubiy Koreya tajribasi asosida ushbu shaharchaning loyihasi ishlab chiqilgan. «7, 9, 12, 25-qavatli uylarning narxini aholiga maqbul keladigan qilib belgilayapmiz. Shuningdek, bu yerda barcha infratuzilma yaratiladi», — deya ta’kidladi u.

Yo‘ldosh shaharcha viloyat markazida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan. Hozirga qadar undagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining qariyb 40 gektar maydoniga manzarali daraxtlar ekilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturi davomida farg‘onaliklar bilan uchrashuvda ekoshahar barpo etish taklifini ilgari surgandi.

Avvalroq, Namanganda «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Yangi Namangan» shaharchasi qurilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, davlat rahbari 2021 yilning mart oyi boshida Andijonga tashrifi chog‘ida Yangi Andijon shahriga tamal toshini qo‘ygandi. «Gazeta.uz» shahar loyihasi haqida batafsil yozgandi.