«Biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz». Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limidagi muammolar haqida

Prezident juma kungi videoselektorda maktab ta’limi tizimidagi kamchilik va muammolarni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1,5 mingdan ortiq maktab mukammal ta’mirga muhtoj, hanuzgacha paxsadan qurilgan 179 ta maktab mavjud. «Maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maktab ta’limini isloh qilish kengashi tashkil etiladi, unga prezident rahbarlik qiladi

Prezident tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilishini ma’lum qildi. «Respublika kengashiga shaxsan o‘zim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Qolaversa, bugundan «hokimlarning maktabga e’tibor qilish besh yilligi» boshlangani e’lon qilindi.

Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kishi qiz bolani ayiqlar voleriga tashlab yubordi

Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kishi kichik qizaloqni 5 metr balandlikdan ayiqlar voleriga tashlab yubordi. Bola faqat tushish natijasida jarohat oldi. Ayolning qilmishi sabablari o‘rganilmoqda.

O‘zbekistondagi ilk ekoshahar Farg‘onada quriladi

«Yangi O‘zbekiston» massivlari turkumiga kiruvchi ilk ekoshahar Farg‘ona viloyati markazida 300 gektar maydonda bunyod etiladi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov birinchi bosqichda 80 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilgani, ekoshahar ikki yilda foydalanishga topshirilishini ta’kidladi.

«Sog‘lom turmush tarzi» platformasi uchun budjetdan 100 mlrd so‘m ajratiladi

Prezident qaroriga asosan «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, har yili tuman va shaharlardagi namunali mahallalarda zamonaviy fitnes ko‘chalari tashkil etiladi.

So‘rov: 81 foiz yoshlar korrupsion holatlar haqida xabar berishga tayyor

Antikorrupsiya agentligi va U-Report birgalikda 7 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 18 mingdan ortiq fuqarolar orasida korrupsiyaga oid so‘rov o‘tkazdi. Respondentlarning 51 foizi korrupsiyaning mohiyatini to‘g‘ri tushunadi, 46 foizi esa poraxo‘rlikka salbiy munosabatda. So‘rovning 81 foiz qatnashchisi korrupsion holatlar haqida xabar berishga tayyorligini ma’lum qilgan. Qolaversa, yoshlar ularni pora berishdan to‘xtatadigan 4 ta asosiy sababni ham keltirgan.

Oliy ta’lim vazirligi OTMlardagi nazorat testlari bilan bog‘liq holatni mas’uliyatsizlik deya baholadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti va Farg‘ona davlat universitetida qishki semestrni yakunlashga mo‘ljallangan imtihon savollarida kamchilik va xatolar aks etgan suratlar tarqaldi. ADTI ushbu xatoliklarni tan olib, «talabalardan uzr so‘radi». FarDU esa xabarlar feyk ekanligini aytmoqda. Oliy ta’lim vazirligi «Gazeta.uz»ga bergan izohida mazkur holatlarni «OTMlarning mas’uliyatsizligi sifatida baholadi».

2021 yilda O‘zbekistondan 20 mingdan ortiq kishi xorijga ko‘chib ketgan

2021 yilda O‘zbekistondan 20,14 ming kishi xorijiy mamlakatlarga ketdi. Ularning yarmidan ko‘pi — 56,6 foizi Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan. Shuningdek, yil davomida 1875 kishi mamlakatga ko‘chib keldi.

Kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi

Prezident farmoni bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026 yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi. Qolaversa, 2023 yildan QQS 12 foizgacha tushiriladi.

Chakana savdo va umumiy ovqatlanish subyektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi

Shu yilning 1 aprelidan 2025 yil 1 yanvarigacha chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.

O‘zbekistonda har to‘rtinchi ayol ba’zi hollarda zo‘ravonlikka duch kelgan, 7 foiz ayol uchun esa bu odatiy hol

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti 6 ta hududda yashovchi 800 nafar xotin-qiz o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra, ayollarning 60 foizga yaqini turmush hayotida zo‘ravonlikka duch kelmaganini qayd etgan bo‘lsa, qolgan 40 foizi kamsitish va zug‘um o‘tkazilayotganini bayon qilgan. Har to‘rtinchi ayol ba’zi hollarda zo‘ravonlikka duch kelishini, 7 foiz ayol esa bu odatiy hol ekanligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston 2026 yil oxirigacha kambag‘allikni ikki baravarga qisqartirmoqchi — Jamshid Qo‘chqorov

Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston 2026 yil oxirigacha kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, belgilangan maqsadga erishishning asosiy sharti sifatida makroiqtisodiy barqarorlik va turg‘un iqtisodiy o‘sishni yuqori sur’atlarda ta’minlash vazifasi belgilangan.

Umarbek Xalilov Davlat ekologiya qo‘mitasi raisiga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi

Nurota tumani hokimi Umarbek Xalilov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekiston ikkilamchi bozorida uy-joy narxi 5,1 foizga qimmatlashdi

Ikkilamchi bozorda uy-joylar narxi IV chorak davomida o‘rtacha 5,1 foizga ko‘tarildi. Jumladan, Toshkent shahrida narxlar 4,2 foizga o‘sgan. Buxoro, Andijon, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida narxlar 10 foizdan yuqoriroqqa o‘zgargan. Shunga qaramasdan, respublikadagi eng arzon uy-joylar Sirdaryo viloyatida ekani qayd etildi. Jahon bozorida ham narxlar oshgan.

Namanganda sobiq uchastkavoyga 7 ta modda bo‘yicha ayblov e’lon qilindi

Namanganda sud IIB rahbariyatining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ma’lum qilgan sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. U Jinoyat kodeksining 7 moddasi, jumladan, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqalar bo‘yicha ayblanmoqda. Sudlanuvchi ayblovlarni rad etmoqda.

2021 yilda aholi jon boshiga YAIM 21 mln so‘mdan ortiqni tashkil qildi

2021 yilda O‘zbekistonda YAIM hajmi 734,6 trln so‘m yoki 69 mlrd dollarni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YAIM esa 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sib, 21 mln so‘mdan ortiqroqqa yetdi.

Endokrin kasalliklar mavjud oilalarga patronaj hamshirasi biriktiriladi

Prezident qaroriga asosan endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi. Har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi. Qolaversa, 25 yoshdan oshgan bemorlarga insulin, metformin va boshqa dori vositalari bepul beriladi.

COVID-19: Qariyb 1200 kishida virus aniqlandi

Payshanba kuni 1186 kishi topshirgan test tahlillarida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. 3 nafar bemor esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etdi. Qolaversa, 216 kishida pnevmoniya qayd etildi.

Qozog‘iston elektr energiyasidagi uzilish Sirdaryo IES tufayli ro‘y berganini tasdiqladi (2-qism)

Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlari operatori mintaqa energiya tizimidagi uzilishlar O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda sodir bo‘lgan qisqa tutashuv tufayli yuz berganini yana bir marta tasdiqladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Markaziy Osiyo zulmatda. Avariyaga nima sabab bo‘ldi, u takrorlanishi mumkinmi, energiya halqasi qanday tuzilgan? (1-qism)

25 yanvar kuni Markaziy Osiyo energetika tizimida ulkan avariya yuz berdi. U O‘zbekistonda elektr stansiyalari, gaz konlari, aeroportlar, vokzallar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa infratuzilmalar faoliyatining to‘xtashiga olib keldi. Siyosatshunos, elektr energetikasi bo‘yicha ekspert Pyotr Svoik «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida ushbu kollapsning yuz berishi sabablari, mintaqa energiya halqasi qanday tuzilishga egaligi, AES qurilishi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin-mumkinmasligi va ushbu inqiroz yana takrorlanishi ehtimollari haqida so‘zladi.

Tashqi savdo defitsitining o‘sishi. Bu milliy iqtisodiyotimiz uchun xatarlimi?

2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdo defitsiti 8,8 mlrd dollarga yetdi. Ayrimlar import hajmining eksportdan yuqori bo‘lishini iqtisodiyot uchun xatarli deb hisoblaydi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev defitsitni kamaytirish maqsadida qo‘llaniladigan har qanday choralar uning oshishidan ko‘ra xatarliroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.