27 yanvar kuni Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida minomyotlardan foydalangan holda qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Qirg‘iziston OAVning mamlakat chegara xizmatiga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni kechqurun tojik chegarachilari Botken viloyatining Tort-Kocho hududida Botken-Isfana yo‘lining bir qismini to‘sib qo‘ygan. Har ikki tomondan otishma boshlandi.

Qirg‘iziston IIVning xabar qilishicha, Tojikiston harbiy xizmatchilari og‘ir o‘qotar qurollardan foydalanib, Botken viloyatining Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi oddiy odamlar istiqomat qilayotgan Chir-Dobo, Qum-Mozor, Daxma uchastkalariga, shuningdek, Orto-Bo‘z qishlog‘idagi Tort-Ko‘ch uchastkasi va Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi Qirg‘iziston Respublikasi IIV ichki qo‘shinlarining 707-harbiy qismi binosiga qarata hujumlar uyushtirgan. Mazkur holat yuzasidan tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘ida yonib ketgan qishloq xo‘jaligi binosi ichidagi chorva mollari bor. Foto: turmush.kg

Tojikiston Chegara xizmatining ma’lum qilishicha, 27 yanvar kuni kechqurun Botken viloyatining Oqsoy qishloq fuqarolari yig‘inida yashovchi Qirg‘izistonning 50 nafar fuqarolari Xo‘jay-Alo aholi punkti yaqinidagi ko‘prikda Tojikiston hududi bo‘ylab Xo‘jai-A’lodan Somoniyon posyolkasiga qum olib o‘tayotgan tojikistonlik fuqaroning mashinasini majburan to‘xtatgan.

Noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yish maqsadida mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari darajasida yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq Qirg‘iziston tomoni uchrashuvga kelmagan. Buning o‘rniga qirg‘iz chegarachilari Tojikistonda tinch aholiga qarata o‘t ochgan, shundan so‘ng mamlakat chegara xizmati ham qurolli to‘qnashuvga kirishgan.

28 yanvarga o‘tar kechasi Tojikiston va Qirg‘iziston vakolatli organlari ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Hozir har ikki davlat OAV xabarlariga ko‘ra, chegaradagi vaziyat barqaror. Qo‘shma komissiya chegaradagi mojaro sabablarini o‘rganmoqda.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘ida otishma izlari. Foto: turmush.kg

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz tomonidagi to‘qnashuvda tinch aholi vakillari va harbiylardan qurbonlar bo‘lmagan, 11 nafar harbiy xizmatchi jarohat olgan, ular kasalxonalarda, deb yozadi «24.kg».

Tojikiston tomonida tinch aholi orasida qurbonlar bor. Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Xo‘jai A’lo aholisidan 1986 yilda tug‘ilgan Obidjon To‘ychiyev o‘z hovlisida minomyot portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Isfara shahridagi tez tibbiy yordam haydovchisi, 1964 yilda tug‘ilgan Abdulatif Sharipov ham Xo‘jai A’lo qishlog‘i aholisini qutqarish chog‘ida qirg‘iz tomonidan otilgan mina portlashi oqibatida halok bo‘ldi.

Tojikiston tomonidan 10 kishi yaralangan, ulardan 6 nafari harbiy xizmatchi va 4 nafari tinch aholi vakillari.

Tojikistonning Isfara shahridan kelgan tez yordam mashinasi minomyotdan o‘qqa tutildi. Foto: Isfara shahar hokimligi matbuot xizmati / asiaplustj.info

Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Qirg‘iziston va Tojikistonni murosaga chaqirdi.

«SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi qirg‘iz-tojik chegarasida keskinlikning yangi kuchayishidan xavotir bildiradi, quroldan foydalanish, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga tahdidni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaydi», — deyiladi MATT saytida.

MATT tuzilmasi tomonlarni «chegara muammolarining butun majmuasini faqat diplomatik vositalar orqali murosaga keltirish bo‘yicha ikki tomonlama mas’uliyatli hamkorlikka» chaqirdi.