DXX Andijon, Jizzax, Samarqand hamda Xorazmda noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar qayd etilganligini va mazkur holatlar bo‘yicha gumondorlar voqea joyida qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Andijon shahridagi MCHJlardan birining rahbari o‘zganing ishonchiga kirib, unga 6 gektar maydonda 240 ta do‘kondan iborat bo‘lgan savdo kompleksining qurilish ishlari o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya tomonidan amalga oshirilayotganligini aytgan.

U fuqaroga 10 ta savdo do‘konini sotishini hamda tanishlari orqali do‘konlarning kadastr hujjatlarini va shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berishini va’da qilgan. Buning evaziga esa fuqarodan 117 ming dollar so‘ragan. Ushbu mablag‘ning 60 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Xorazmning Hazorasp tumanida yashovchi 1959 yilda tug‘ilgan fuqaro tuman hokimligi zahirasidagi 6 sotix yerni o‘ziniki ekanligiga ishontirib, boshqa shaxsga sotmoqchi bo‘lgan. U 10,5 ming dollar olgan vaqtida, qo‘lga tushgan.

Jizzaxda esa 1987 yilda tug‘ilgan zominlik fuqaro o‘zganing nomida bo‘lgan 50 gektar lalmi yerni 250 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. Aniqlanishicha, unda yer maydonlarini sotishga vakolat bo‘lmagan. Shunga qaramay, u viloyat hokimligi hamda kadastr tizimidagi tanishlari orqali yer maydonini rasmiylashtirib berishini aytgan.

Samarqandda o‘tgan tezkor tadbirda shahardagi advokatlik byurosi advokati o‘ziga ijaraga berilgan Jomboy tumanidagi 4 gektar yerni sotishga qaror qilgan. Uni xaridorga rasmiylashtirib berish evaziga 23 ming dollar so‘ragan. Shundan 15 ming dollarni olayogan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari ketmoqda.

Avvalroq, poytaxt hokimligi huzuridagi «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUK xodimi 3 sherigi bilan 30 sotix yerni 420 ming dollarga sotmoqchi bo‘lib, 42 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ushlangani xabar qilingandi.