Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Uning yozishicha, 2020 yilning 27 aprel kuni Buxoroning Olot, Qorako‘l, Jondor tumanlarida kuzatilgan tabiiy ofat hamda 1 may kuni Sardoba suv omborida yuzaga kelgan texnogen oqibatlarini bartaraf etishda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish, oqibatlarini bartaraf etishni tashkil etishda kamchiliklar kuzatilgan.

«Bu aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muxofaza qilish sohasida, shu jumladan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda hamkorlik qilishning huquqiy asoslarini takommllashtirishni taqazo etmoqda… Loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi», — deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 aprelida O‘zbekistonga Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol tezligi Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9−40 metrgacha yetgan edi. Buning oqibatida 41 kishi jarohatlanib, bir kishi halok bo‘lgandi.

Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlariga zarar yetdi. O‘shanda prezident Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida Buxoroga yetib borgandi. Buxoro viloyatida kuchli shamol yetkazgan jami zarar 141,6 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, 2020 yilning 1 mayida Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi. O‘sha vaqtda ham prezident zudlik bilan hodisa yuz bergan joyga yetib borib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ldi.

Bu fojia bo‘yicha «Gazeta.uz»da «Xotirjamlikning bahosi. Sardoba fojiasi bizga nimani o‘rgatdi?» nomli maqola e’lon qilingan edi.


Sardoba fojiasi. Foto: UzReport.

Ma’lumot o‘rnida, amaldagi «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuni 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan bo‘lib, 6 ta bob, 27 moddadan iborat.

Qonun aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi va rivojlanishining oldini olish, favqulodda vaziyatlar keltiradigan talafotlarni kamaytirish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishni maqsad qilib qo‘ygan.