AQSh va NATO 26 yanvar kuni Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga o‘z javobini yo‘lladi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya tomonidan AQSh va NATO uchun tayyorlangan takliflar Gruziya va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini taqiqlash, Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarda qurol-aslahalarni joylashtirmaslik va alyansning sharqqa qarab kengayishdan voz kechishi kabi bandlarni o‘z ichiga olgan. Bu haqda dekabr oyida batafsil ma’lumot berganmiz.

AQSh javobi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga javobni taqdim etishga bag‘ishlangan matbuot-anjumanida, Amerika tomoni hujjatni ommaga e’lon qilmaslik qarorini qabul qilganini aytdi va RF tomoni ham xuddi shunday yo‘l tutishiga umid bildirdi.

Shunday bo‘lsa-da, u AQSh javobidagi asosiy nizomlar haqida gapirdi. Hujjat shu paytgacha bildirilgan pozitsiyalarni o‘zida aks ettirgan: AQShning Rossiya tomonidan xavfsizlik sohasidagi xatti-harakatlaridan tashvishdaligi hamda davlatlar o‘zaro tutash nuqtalarni topishi mumkin bo‘lgan sohalardagi takliflar.
Javobda AQSh NATOning «ochiq eshiklar» tamoyilidan voz kechmasligi yana bir bor ta’kidlab o‘tilgan.

Entoni Blinken shuningdek, yozma javobda «juda ijobiy narsalar» borligini qayd etgan. Uning aytishicha, Vashington barcha, jumladan, Rossiya uchun ham xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan «sohalarni belgilagan». Uning aytishicha, bu yerda gap Ukrainadagi hujum raketa tizimlari, harbiy mashg‘ulotlar masalasi, qurol-aslahalar ustidan nazorat bo‘yicha potensial choralar, xatarlarni pasaytirish haqida bormoqda.

«Bularning barchasi umumiy tashvishni, jumladan, Rossiya aytib o‘tgan tashvishni o‘zida aks ettiradi», — dedi Entoni Blinken.

Entoni Blinken. Foto: U.S. Department of State / Flickr

Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden hujjatni tayyorlashda shaxsan ishtirok etgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hujjatni tuzishda AQSh ittifoqdoshlari fikri ham o‘ziga xos o‘rin tutgan: ularning pozitsiyalari «matnga integratsiya qilingan». AQSh javobni Ukraina bilan muvofiqlashgan holda tayyorlagan, deb ma’lum qilgan Entoni Blinken.

O‘z so‘zi yakunida davlat kotibi Vashington Ukraina atrofidagi voqealarning har qanday rivojiga tayyorligini, ammo diplomatiyani ma’qul yo‘l, deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi.

NATO javobi

NATO ham Rossiyaga javoblarni taqdim etishga bag‘ishlangan matbuot-anjumanini tashkillashtirdi. Tadbirda alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg chiqish qildi. NATO bu javobni ommaga e’lon qilishni rejalashtirmagani uchun, Stoltenberg javob mazmuni haqida gapirib o‘tdi.

NATOning takliflari AQSh tomonidan yo‘llangan takliflar bilan parallel bo‘ladi, bizni barcha 30 ittifoqdoshimiz qo‘llab-quvvatladi, deya bayonot qildi Yens Stoltenberg.


Yens Stoltenberg. Foto: NATO / Flickr

Alyans o‘z javobida «ochiq eshiklar» tamoyilidan voz kechmasligini, Gruziya va Ukrainaning alyans a’zosiga aylanish istagi bilan bir qatorda, Shvetsiya va Finlyandiyada bunday istak yo‘qligini bir xilda hurmat qilishini ma’lum qildi.

NATO Rossiya bilan munosabatlarda progressga erishish maqsadida yozma javob berishga qaror qildi va RFga alyansdagi vakolatxonalari faoliyatini qayta tiklashni taklif etmoqda, xususan, u muloqotga, jumladan Rossiya-NATO kengashi muloqotiga tayyor.

Bosh kotib so‘zlariga ko‘ra, alyans Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa liniyasini o‘rnatishga tayyor va qurolsizlantirish, raketalarni joylashtirish va qurol-aslahalar ustidan nazorat o‘rnatish kabi mavzularni muhokama qilishni istaydi.

«Biz Rossiyani vaziyatni zudlik bilan deeskalatsiya qilishga chaqiramiz. NATO kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, kuch yoki kuch ishlatish tahdidi bilan emas, balki siyosiy tomonlama tartibga solinishi kerak, deya ishonadi», — deb bayonot qildi Yens Stoltenberg. NATO Rossiya deeskalatsiya doirasida Gruziya, Ukraina va Moldovadan o‘z qo‘shinlarini chiqarib ketishi kerak, deb hisoblaydi, dedi Stoltenberg.

NATO bosh kotibi, siyosiy muzokaralar muvaffaqiyatiga umid qilgan holda, alyans «yomon ssenariyga ham tayyorgarlik ko‘rayotganini» aytib o‘tdi. «Biz harbiy mavjudligimizni kuchaytirmoqdamiz, jumladan, Boltiqbo‘yi va Qora dengiz mintaqalarida ham», — dedi Yens Stoltenberg.