Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov aholi tomonidan berilayotgan “blekaut” sabab isitish tizimi ishlatilmagan kunlar uchun pul to‘lanish yoki to‘lanmasligiga oid savollariga javob berdi.

“Hech qanaqa havotirga o‘rin yo‘q, mana [isitish tizimi] ishlatilmagan kunlar uchun albatta pul chegirib tashlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 194-son qarorida ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan”, — dedi u.

U shuningdek, issiqlik ta’minoti (otopleniya) ilgariga ish rejimiga qachon qaytishiga ham to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, 26 yanvar kuni Toshkent shahridagi barcha qozonxonalar faoliyati tiklangan.

“Lekin issiqlik xonadonlarga kirib bormagan, bu favqulodda holat bilan bog‘liq. Chunki gaz bosimining ko‘tarilishi 27 yanvar, ertalabdan boshlandi va me’yoriga chiqish qozonxonalarda ham asta-sekinlik bilan davom etayapti”, — dedi vazirlik vakili.

Jamoliddin Qalandarovning so‘zlariga ko‘ra, “mutaxassislar ham qozonxonalarning issiqlik temperaturasini birdaniga ko‘tarib bo‘lmasligini, bu bsoqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qilgan”.

Bugun (27 yanvar) tunga borib, me’yoriy bosqichga chiqish imkoniyati bo‘ladi. Gaz bosimining mana shunday darajada ko‘tarilib borishi issiqlik ta’minotidagi oldingi holatga qaytishga yordam beradi”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, birgina Toshkent shahridagi barcha qozonxonalarda bir soatda 19 ming metr kubdan ortiq suv isitiladi va xonadonlarga yuboriladi.

Avvalroq, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov kecha, chorshanba kuni soat 18:00 ga qadar respublika bo‘yicha issiq va sovuq suv ta’minoti to‘liq tiklanishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Toshkentdagi barcha qozonxonalar faoliyati tiklangani, biroq, gaz bosimi pastligi uchun qozonxonalar yetarli issiqlikni ko‘p qavatli xonadonlarga bera olmayotgani ma’lum qilingandi.