O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmati ko‘rsatish vazirligi aholidan kelib tushayotgan murojaatlar, jumladan, xonadonlarga me’yorida issiqlik yetkazib berilmayotganiga tushuntirish berdi.

Vazirlik hozirgi vaqtda Toshkent shahrida mavjud barcha qozonxonalar ishga tushirilganini qayd etdi. «Ammo, xabar berilganidek, gaz bosimining pastligi bois qozonxonalar yetarli issiqlikni xonadonlarga bera olmayapti», — deyiladi xabarda.

Hozirda qozonxonalardagi tabiiy gaz bosimini ko‘tarish bo‘yicha mutasaddilar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Vazirlik iste’molchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Energetika vazirligi esa 26 yanvar 21:00 holatiga O‘zbekistondagi iste’molchilarning 63 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlanganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda gaz bosimi nisbatan pastligicha saqlanib qolmoqda.

Toshkent viloyatida — 89 foiz, Namanganda — 77 foiz, Andijonda — 73 foiz, poytaxtda — 67 foiz, Farg‘onada — 32 foiz va Samarqandda — 6 foizni tashkil qilmoqda.

Mazkur hudud iste’molchilarining tabiiy gaz bosimini barqarorlashtirish uchun kerakli ishlar olib borilmoqda.