«Elektr energiyasi o‘chgan vaqtda birorta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan» — SES

Sanitariya-epidemiologik xizmati «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, 25 yanvar kuni kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar paytida hududlardagi vaksinalarni saqlash omborlari va vaksinalar mavjud poliklinikalar elektr toki bilan uzluksiz ta’minlangan. «Elektr energiyasi o‘chishi natijasida bironta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan», — deydi SES matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov.

Rasmiylar soliq qonunchiligiga ba’zi o‘zgartirishlar bo‘yicha talablarni yumshatmoqda

Soliq qonunchiligiga o‘zgartirishlar jamoatchilik va mutaxassislar tanqidini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi. DSQ va Moliya vazirligi E-aktiv dasturidan foydalanish va QQS to‘lovchilarining tahlika-tahlili bo‘yicha talablarning yumshatilishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, mulk solig‘i va boshqa o‘zgarishlar bo‘yicha ham yengilliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun to‘lov chegirib tashlanadi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning ta’kidlashicha, «blekaut» vaqtida isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun to‘lovlar, albatta chegirib tashlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda isitish tizimi 27 yanvar kuni tungacha avvalgidek ishlay boshlaydi.

O‘zbekiston aeroportlarida aviaspotting qonuniylashtirildi

Hukumat qaroriga asosan O‘zbekiston aeroportlarida aviaspottingga rasman ruxsat berildi. «Agar ilgari aeroportdan kilometr uzoqlikda turib ham samolyotlarni suratga olish taqiqlangan bo‘lsa, endi aeroportlar eshiklarini ochib, do‘stona munosabatda bo‘ladi», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Shaharlararo yo‘llardagi gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi

Ertalabki 9:00 dan Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan tashqari, boshqa hududlardagi shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat viloyatlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi. 28 yanvardan esa butun respublikada shoxobchalar faoliyatini tiklash reja qilingan.

5 yilda Samarqandda loy bo‘lgan yo‘l umuman qolmaydi — Erkinjon Turdimov

Samarqand viloyatida kelgusi 5 yilda kamida 8 mlrd AQSh dollarlik 5,5 mingdan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirilishi va buning natijasida 250 mingdan oshiq doimiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Viloyat hokimi 8 ming kmlik yo‘llarga asfalt yotqizilib, viloyatda loy yo‘llar umuman qolmasligini ta’kidladi.

Chorshanba kuni 1100 dan ortiq kishida koronavirus aniqlandi

Chorshanba kuni koronavirusga topshirilgan test natijalari 1117 kishida musbat natijani ko‘rsatdi. 2 nafar bemor esa olamdan o‘tdi. Qolaversa, 125 kishida pnevmoniya aniqlandi.

Xorazmda chiqindixonadan chaqaloq murdasi topildi

Urganch shahridagi chiqindixonalardan birida qiz jinsiga mansub chaqaloqning murdasi topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, u ona qornida 5,5−6 oy yashagan hamda «uning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lgan». Qolaversa, chaqaloq qonidan homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan dori vositasi qoldiqlari topilgan.

Bloger Fozilxodja Arifxodjayev 7,5 yilga qamaldi

Sud diniy bloger Fozilxodja Arifxodjayevni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda aybli deb topib, uni 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U o‘tgan yili diniy bloger Abror Muxtor Aliy bilan bo‘lgan mojarodan so‘ng hibsga olingandi. Sudlanuvchining advokati ayblovni rad etib, sud jarayoni tafsilotlarini so‘zlab berdi.

Toshkentda terrorchilik tashkilotiga aloqadorlikda gumonlangan 30 kishi qo‘lga olindi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahriga turli viloyatlardan ishlash maqsadida kelgan 30 nafar fuqaro «Tavhid va jihod katibati» tashkiloti tarafdorlari sifatida gumonlanib, qo‘lga olindi.

Yaqin ikki kun ichida yomg‘ir va kuchli shamol bo‘lishi kutilmoqda

O‘zgidromet 28−29 yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi haqida ogohlantirdi. Bu kunlarda joylarda yomg‘ir yog‘ib, ayrim hududlarda qorga aylanishi mumkin.

Andijon, Jizzax va Samarqandda noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Andijondagi MCHJlardan birining rahbari 6 gektar maydonda quriladigan savdo kompleksidagi do‘konlarni o‘z kompaniyasi qurayotganligini ta’kidlab, ulardan 10 tasini sotish uchun fuqarodan 117 ming dollar so‘ragan, undan 60 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan. Samarqandda esa advokat o‘ziga ijaraga berilgan 4 gektar yerni 23 ming dollar evaziga boshqa fuqaroga sotishga uringan. DXX Jizzax va Xorazmda ham noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlarni aniqladi.

Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga oid qonun yangi tahrirda qabul qilinadi

2020 yildagi Sardoba fojiasi va Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan so‘ng, Qonunchilik palatasida «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda ko‘rib chiqilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

Aybsiz aybdorlar yoki Davlat soliq qo‘mitasiga bir nechta savol

Soliq qonunchiligidagi yangiliklar qanday qilib elektron hisob-fakturada kompaniya faoliyatining muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangi sirli ustunning paydo bo‘lishiga olib kelganligi, ushbu ustunning qonun hujjatlariga qay darajada muvofiqligi va QQS to‘lovchilari duch kelayotgan boshqa ma’muriy muammolar haqida Vladimir Srapionov yozadi.

Harbiy tavsiyanoma uchun imtihon — foto

25 yanvardan boshlab respublika miqyosida muddatli harbiy xizmatchilar OTMlarga kirishda imtiyoz beradigan tavsiyanomalar uchun test sinovlaridan o‘tmoqda. Toshkent garnizonidagi xarbiy qism va muassalalarda hizmat qilayotgan harbiylarning imtihon jarayoni — «Gazeta.uz» muxbiri Madina A’zam fotoreportajida.