Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda chiqindi tashlash joyidan o‘lik holatdagi yangi tug‘ilgan chaqaloq topildi. Horazm viloyati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, chaqaloq 1 yanvar kuni Urganch shahar, Amir Temur va Gurlan ko‘chalari o‘rtasida joylashgan chiqindi tashlash joyidan topilgan. U o‘lik holatda, yetilmagan, qiz jinsiga mansub chaqaloq murdasi ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Xorazm filialining 2-sonli xulosasiga ko‘ra, «shaxsi noma’lum chaqaloqning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lgan».

Shuningdek, ekspert chaqaloq ona qornida 5,5 — 6 oy yashagan bo‘lishi mumkinligini, murdada tan jarohatlari aniqlanmaganini qo‘shimcha qilgan.

Undan olingan qon va homila yo‘ldoshida homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan sintetik preparat «mifepriston» dori vositasi qoldiqlari topilgan.

Tekshiruv davomida chaqaloqning onasi aniqlanmagan. Hozirda tekrgovga qadar tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan holda davom etmoqda.