Iste’dodli dramaturg, ssenarist Sharof Boshbekov 26 yanvar kuni 71 yoshida olamdan o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Sharof Boshbekov «Tushov uzgan tulporlar», «Eshik qoqqan kim?» (1987), «Taqdir eshigi» kabi komediya va drama, «Temir xotin» (1989), «Qasosli dunyo» qisqa metrajli film ssenariylarining muallifi. Yozuvchi «Eski shahar gavroshlari» (1998) nomli jiddiy komediya yaratgan.

Shuningdek, u «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlarning ssenariylarini yozishda ham ishtirok etgan. U «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarining ssenarisini yozish barobarida rejissyor sifatida ham ijod qilgan. «Charxpalak» nomli 60 qismli videofilmi o‘zbek tomoshabinlari qalbidan o‘rin olgan.

Shuningdek, «Tentak farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlarini yozdi. Uning «Temir xotin» asari 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining M.Shayhzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq deb topildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. U «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.