Samarqand viloyatida yashovchi 48 yoshli S.D. huquqni muhofaza qilish organlariga fuqaro D.A.ning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, unga va yana ikki fuqaro U.N. va D. F.ga haq evaziga Meksika orqali AQShga o‘tishni tashkil etishga va’da berganini ma’lum qildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, D. A. o‘z xizmati uchun 60 ming dollar — har biridan 20 ming dollardan so‘ragan.

Samarqand viloyati IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 24 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro D.A. Samarqand shahridagi «Zilol Baxt» mehmonxonasi yonida arizachidan 60 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan.

Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan O‘zbekiston JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oxirida ikki samarqandlikka AQShga yuborishga va’da berib, har biridan 30 ming dollardan talab qilgan shaxslar ushlangani xabar qilingan edi.