Energetika vazirligi yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Shu sababli issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Hozirgi vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib respublikaning ayrim hududlarida navbatma-navbat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda», — deyiladi xabarda.

Energotizimda kuzatilgan nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

Energetiklar tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va hozirgi sharoitdan kelib chiqib sizdan energiya qurilmalaridan oqilona foydalanish va xonadonda ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘radi.

Ta’kidlanishicha, bu sa’y-harakatlar ko‘proq iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi.

«Hududgazta’minot» matbuot xizmati esa «O‘zbekneftgaz» AJga tegishli «Gazli», «Sho‘rtan» va «Muborak» neft-gaz qazib olish boshqarmasiga qarashli 64 ta konning ishi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. «Bu, o‘z navbatida, „O‘ztransgaz“ AJ magistral gaz quvurlari va „Hududgazta’minot“ AJ mahalliy tarmoqlarida bosimning pasayishiga ta’sir ko‘rsatdi», — deyiladi xabarda.

Ayni paytda Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining bir qator tumanlari hamda Toshkent shahrida tabiiy gazni yetkazib berishda bosimning pasayishi yoki uning yo‘qligi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan «Hududgazta’minot» bosimni tiklash va iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Hozirgi vaqtda gaz yetishmasligi yoki uni yetkazib berish paytida bosim pasaygan manzillarda gaz ishlatadigan barcha jihozlarni o‘chirib qo‘yish va binolarda gaz hidi yo‘qligini tekshirish kerak.

Zarurat tug‘ilganda 1104 sall- markaziga yoki 104 dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi eslatilgan.

«Hududgazta’minot» AJ yuzaga kelgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi.