«Xalqimiz vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi». Shavkat Mirziyoyev — energotizimdagi nosozliklar haqida

Prezident seshanba kuni energotizimda yuzaga kelgan nosozliklarga munosabat bildirib, uzoq hududlardagi texnogen ofatlar O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasligini ta’kidladi. «Xalqimiz vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi. Avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, barcha soha va idoralar xodimlari, OAV va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanadi

Energetika vazirligi 26 yanvardan boshlab avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanishi, yuridik iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish esa to‘xtatilishini ma’lum qildi. Elektr energiya va tabiiy gaz to‘liq hajmda IES, ijtimoiy soha obyektlari va aholiga yetkazib beriladi.

«Blekaut» sabab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi keskin oshib ketmaydi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev elektr energiya va gaz ta’minotidagi uzilishlar ortidan bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi keskin oshib ketmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetarli miqdorlarda oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi yaratilgan, ular muqobil energiyaga ulangan muzlatgich va omborxonalarda saqlanmoqda. Issiqxonalar esa bir necha kun ichida tabiiy gaz bilan ta’minlanadi.

Samarqand va Namanganda avtobuslar harakati to‘xtadi, Qoraqalpog‘istonda esa ular AGTKSHlardagi navbatlarda qolib ketmoqda

Gaz quyish shoxobchalaridagi vaqtinchalik cheklovlar sabab Samarqand va Namangan viloyatlarida jamoat transporti harakati to‘xtab qoldi. Qoraqalpog‘istonda esa avtobuslar shoxobchalarda yuzaga kelgan uzun navbatlarda qolib ketmoqda.

Toshkentda gaz ta’minoti soat 17:00 dan keyin to‘liq tiklanadi — Energetika vazirligi

Energetika vazirligi chorshanba kuni soat 17:00 dan keyin gaz bosimi to‘liq tiklanib, normal holatda iste’molchilarga yetkazilishini ma’lum qildi.

Kechqurun 18:00 ga qadar issiq va sovuq suv ta’minoti to‘liq tiklanadi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov chorshanba kuni soat 18:00 ga qadar respublika bo‘yicha issiq va sovuq suv ta’minoti to‘liq tiklanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqt Toshkent shahridagi 1 foiz xonadongina issiq suv bilan ta’minlanmagan.

COVID-19: Seshanba kuni qariyb 1200 kishida koronavirus aniqlandi

Ketma-ket ikki kunlik pasayishdan so‘ng kasallanishlar soni yana ortdi — seshanba kuni 1174 kishi koronavirus yuqtirib oldi. 4 nafar bemor esa vafot etdi. Qolaversa, 114 kishida pnevmoniya aniqlandi.

2021 yilda O‘zbekiston 809 dona elektromobil import qilgan

2021 yilda O‘zbekistonga qiymati 16,9 mln dollarga teng bo‘lgan 809 ta elektromobil import qilingan. Ularning 90% Xitoydan olib kelingan. Elektromobillar importi 2020 yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga oshgan.

1 fevraldan umra safariga aviareyslar har kuni amalga oshiriladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra safariga 1 fevraldan boshlab Saudiya Arabistoniga har kuni bittadan aviareys amalga oshirilishini ma’lum qildi. 10 fevraldan esa har kuni 2 tadan, Ramazon oyi davomida esa har kuni 3 tadan avia qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

1992−1994 yillarda Afg‘onistondan kirib kelgan 15,5 tonna narkotik moddalar tasvirlari e’lon qilindi

1992−1994 yillarda Davlat bojxona qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan 15 tonna 447 kgdan ko‘proq giyohvandlik moddalari, shu jumladan, 1167 kg «gashish» to‘xtatib qolingani aks etgan tarixiy lavhalar e’lon qilindi. Yuklar ortilgan konteynerlar daryo orqali kemalarda olib kelingan.

Toshkent hokimligi huzuridagi korxona xodimi va sheriklari pora olayotganda ushlandi

Poytaxt hokimligi huzuridagi «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUK xodimi 3 sherigi bilan 30 sotix yerni 420 ming dollarga sotmoqchi bo‘lib, 42 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Jizzax va Samarqandda Davlat kadastrlar palatasining tuman filiallarida rahbar va xodim, Sirdaryoda esa bir fuqaro korrupsiyada gumonlanib, qo‘lga olingan.

O‘zbekistonliklarni Meksika orqali AQShga jo‘natishga va’da qilgan shaxslar ushlandi

Samarqandda uch nafar fuqaroni 60 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga jo‘natishga va’da qilgan erkak qo‘lga olindi.

Gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda — «Hududgazta’minot»

«Hududgazta’minot» korxonasi Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qildi. Aholidan: «gaz plitalarini, isitish va suv isitgich asboblarini hamda dudburonlarni puxta tekshirish» so‘raldi. Elektr jihozlarini yoqishdan oldin xonada gaz hidi yo‘qligiga ishonch hosil qilish va faqat shundan keyingina elektr energiyasidan foydalanish kerakligi eslatib o‘tildi.

O‘zbekiston ilk bor valyuta birjasiga muddati 10 yil bo‘lgan obligatsiyalarni joylashtirdi

O‘zbekiston ilk bor valyuta birjasiga 10 yil muddatga 10 mlrd so‘mlik davlat obligatsiyalarini joylashtirdi. Bundan tashqari, 174,5 mlrd so‘mlik muomala davri 5 yil bo‘lgan obligatsilar ham birjaga chiqarildi.

O‘zbekistonda 2021 yilda jami 107,4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 107,4 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilgan nisbatan 6,8 foiz yoki 19,3 trln so‘m ko‘proqni tashkil etgan. Qurilishlarning 94,8 foizi nodavlat tashkilotlar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 3,2 mln so‘mni tashkil qildi

Statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 20 foizga o‘sib, 3,2 mln so‘mga yetganini ma’lum qildi. Biroq ushbu raqamlar amaldagisidan farq qilishi mumkin. Bunga sabab qishloq xo‘jaligi va kichik biznes subyektlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar umumiy statistikada aks etmagan.

Dramaturg va ssenarist Sharof Boshbekov olamdan o‘tdi

Taniqli yozuvchi, dramaturg va ssenarist Sharof Boshbekov 71 yoshida olamdan o‘tdi. U «Temir xotin», «Masxaraboz», «Farhod va Shirin» kabi filmlar, «Charxpalak» videofilmining ssenariylariga mualliflik qilgan.