2021 yilda O‘zbekistonda jami 107,4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi. 2020 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 6,8 foizni yoki 19,3 trln so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida davlat tashkilotlari tomonidan jami 5,6 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Ularning respublikadagi ulushi 5,2 foizga teng bo‘ldi. Nodavlat tashkilotlar tomonidan esa 101,8 trln so‘mlik qurilishlar amalga oshirilgan bo‘lib, respublikadagi ulushi 94,8 foizga teng bo‘lgan.

Shu bilan birga, jami qurilish ishlari hajmi tarkibida:

  • yirik qurilish tashkilotlari tomonidan 29,7 trln so‘mlik;
  • kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan 56,4 trln so‘mlik qurilishlar bajarilgan.

2021 yilning 10 oyi davomida 5545 ta qurilish korxonasi yangi tashkil etilgan. 1 noyabr holatiga hududlar kesimida faoliyat yuritayotgan qurilish korxonalari soni bo‘yicha Toshkent shahri — 9013 ta sezilarli farq bilan yetakchilik qilgan. Undan keyin esa Toshkent viloyati (3946 ta), Farg‘ona viloyati va Qashqadaryo viloyatlarida (3483 ta) eng ko‘p qurilish korxonalari mavjudligi ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, mamlakatda so‘nggi 10 yilda bajarilgan qurilish ishlari hajmi haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra:

  • 2010 yilda — 8,2 trln so‘m;
  • 2011 yilda — 9,5 trln so‘m;
  • 2012 yilda — 11,7 trln so‘m;
  • 2013 yilda — 15,2 trln so‘m;
  • 2014 yilda — 20,1 trln so‘m;
  • 2015 yilda — 25,4 trln so‘m;
  • 2016 yilda — 29,4 trln so‘m;
  • 2017 yilda — 34,7 trln so‘m;
  • 2018 yilda — 51,1 trln so‘m;
  • 2019 yilda — 71,2 trln so‘m;
  • 2020 yilda — 88,1 trln so‘m.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda jami 65,2 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgani haqida xabar bergan edik. Qurilish ishlarining 95,8 foizi nodavlat mulkchiligidagi korxona va tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.