26 yanvar, bugun Samarqand viloyatida shahar, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtobus yo‘nalishlarida transport vositalari soni keskin darajada kamayib ketdi. Ushbu vaziyat Samarqand viloyati Transport boshqarmasi siqilgan gaz bilan bog‘liq vaqtinchalik cheklovlar sabab yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Boshqarma avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Transport boshqarmasi axborot xizmati viloyatda ham avtobuslar harakati to‘xtaganini ma’lum qildi.

«Elektr energiya ta’minotidagi uzilish sabab Farg‘ona vodiysiga tabiiy gaz uzatuvchi kompressor stansiyalari favqulodda to‘xtab qolgan. Hozirda vodiyga yetkazib berilayotgan gaz miqdori keskin kamayib ketganligi bois gaz quvurlarida bosim tushib ketgan. Shu sababli Farg‘ona vodiysidagi AGTKSHlarga 26 yanvardan tabiiy gaz yetkazib berilmasligi va natijada Namangan viloyatidagi jamoat transportlarining (avtobuslar) harakatlari vaqtincha to‘xtab qolgan», — deyiladi xabarda.

Qoraqalpog‘iston Transport vazirligi matbuot kotibi Zaxida Kaljanovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘istondagi jamoat transportidagi avtobuslar siqilgan gaz quyish shoxobchalaridagi uzun navbatlarda qolib ketmoqda.

Hozirgi paytda (soat 15:40 holatiga) hududning Taxiatosh tumani tumanlararo yo‘nalishidagi avtobuslarda yoqilg‘i qolmagani bois harakat to‘xtagan.

Zaxida Kaljanovaning ta’kidlashicha, vazirlik Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga yo‘lovchi tashish bilan shug‘illanayotgan jamoat transportlariga istisno tariqasida zaruratga qarab kunning ma’lum bir vaqtida siqilgan gaz quyishga va davomiy ravishda jamoat transportlari uchun litsenziya varaqasini taqdim etgan taqdirda, alohida yashil yo‘lak (kolonka) ajratib, navbatsiz yoqilg‘i kuyish sharoitini yaratib berishni so‘rab murojaat qilgan.

Ma’lumot uchun, 26 yanvar kuni gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanishi e’lon qilindi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmuradova respublikada 70 foiz elektr energiya ta’minoti tiklanganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan nosozlik tufayli mamlakatdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. «Bu esa o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Shu sababli IESlarda gaz bosimining kamayishi mavjud. Bu esa elektr energiyani ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — degan u.

Shu bois, 26 yanvardan:

  • Avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritildi;
  • Yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi.

Iste’molchilarni elektr energiya bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda IES, ijtimoiy soha obyektlari, aholiga yetkazib berilishi ta’kidlangan.