Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yer savdosi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu DXX hamda departament tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘lgan.

Jumladan, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUK hodimi o‘zining 3 sherigi bilan kelishib, Halqa avtomobil yo‘li bo‘yidagi 30 sotix yerni tadbirkorga sotmoqchi bo‘lgan. Ular Toshkent tumani hokimligi zaxirasidagi mazkur yerni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ko‘p qavatli uy qurilishi uchun ajratib berishga va’da qilishgan. Evaziga qurilish firmasi rahbaridan 420 ming dollar so‘rashgan. Shundan 42 ming dollarni avans sifatida olayotgan vaqtlarida qo‘lga tushgan.

Samarqandda esa Urgut tumanida yashovchi 1997 hamda 1998 yilda tug‘ilgan fuqarolar o‘zganing nomida bo‘lgan 50 sotix suvli yerni 65 ming dollarga sotishga kelishib olishgan. Yer uchun berilishi kerak bo‘lgan puldan 30 ming dollarini olgan vaqtida DXX hamda departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Shu bilan birga, Jomboyda 23 yoshli shaxs Davlat kadastrlar palatasining tumandagi filial xodimi bilan kelishib, hokimlik zaxirasidagi 25 sotix bo‘sh yer maydonini xaridorga rasmiylashtirib berish uchun undan 24 ming dollar so‘ragan.

Bundan tashqari, Davlat kadastrlar palatasining Jizzaxdagi tuman filiallaridan birining rahbari yashash xonadoni yonidagi 38 sotix yerni auksionda sotib olishda ko‘maklashish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish uchun fuqarodan 6,5 ming dollar pora talab qilgan. Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs so‘ralgan pulning 6 ming dollarini olgani ma’lum bo‘lgan.

Sirdaryoda qayd etilgan holatda esa 1992 yilda tug‘ilgan shaxs Guliston tuman hokimligi zaxirasidagi 6 sotix yerni kadastr tizimidagi tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish uchun 4 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Yuqorida keltirilgan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda. Tergov davom etyapti.