2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh 3,2 mln so‘mga teng bo‘ldi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi bayonotida.

Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga (2,673 mln so‘m) nisbatan 20 foizga o‘sgan. Yil davomida ish haqi muntazam o‘sishiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga ikki marotaba o‘zgartirish kiritilib, 822 ming so‘mga yetkazilgani asosiy sabablardan bo‘lgani aytildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha

Hududlar kesimida sanoat va qurilish sohalarida oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Navoiy viloyatida qayd etilgan. Ushbu viloyatda sanoat sohasida o‘rtacha maosh qariyb 6 mln so‘mni, qurilish sohasida esa 4,8 mln so‘mni tashkil etgan. Sanoat sohasida eng past ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida (2,226 mln) so‘m qayd etilgan. Qurilish sohasida esa Farg‘onada eng quyi ko‘rsatkich — 2,204 mln so‘mga teng bo‘ldi. Sanoatda o‘rtacha maoshlarning viloyatlar kesimida tensizligi o‘tgan yilga nisbatan ortgan. Jumladan, sohada eng yuqori va eng quyi maosh o‘rtasidagi farq 3,7 mln so‘m bo‘lib, tengsizlik 2020 yilga nisbatan (2020 yilda farq qariyb 2,7 mln so‘m) 37 foizga oshgan.

Qolgan barcha sohalarda esa yillik o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan. Xususan, savdo sohasida poytaxtdagi maoshlar (o‘rtacha 3,797 mln so‘m) respublikadagi o‘rtacha maoshdan yuqoriroq bo‘lgan. Boshqa hududlarda esa maoshlar respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lgan.

Ta’limda o‘rtacha maoshlar respublika ko‘rsatkichidan qariyb 28% (sohadagi o‘rtacha maosh 2,3 mln so‘m), sog‘liqni saqlashda esa 32,8% (2,157 mln so‘m) kamroqni tashkil etgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichlar biroz yuqoriroq, mos ravishda 25,8% va 32,2% edi.

Eng yuqori maosh bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida qayd etilgan — o‘rtacha 8,292 mln so‘m. Bu sohada eng kam oylik ish haqi Surxondaryo viloyatida (5,478 mln so‘m) qayd etilgan.

Yana bir jihat shundaki, iqtisodiy faoliyat turlarining nisbatan o‘rtacha yillik ish haqi ko‘p to‘lanadigan turlarida nisbatan kamroq hodimlarni (masalan «Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida — jami xodimlarning 2,2 foizi, axborot va aloqa sohasida — 1,2 foizi) ish bilan band qilinganligi, aksincha, o‘rtacha oylik ish haqi kamroq hisoblangan sohalarda xodimlar soni ulushi nisbatan katta ekanligini ko‘rish mumkin (sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida — 16,2%, ta’limda- 37,6%).

Foto; Davlat statistika qo‘mitasi

2021 yil yanvar-dekabr oylarida respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining 2020 yil mos davrlarga nisbatan o‘sishiga ae’tibor qaratilsa, eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo viloyatida — 30,3% (bu yilda 2,7 mln so‘m, 2020 yilda 2,090 mln so‘m), Toshkent shahrida — 23,1% (4,947 mln so‘m va 4,018 mln so‘m) hamda Qashqadaryo viloyatida — 23,1%ni (2,5 mln so‘m va 2,047 mln so‘m) tashkil etgan. Biroq Surxondaryo viloyatidagi yillik o‘rtacha maosh respublika ko‘rsatkichidan 15 foizga kamroq bo‘lib qolmoqda.

Raqamlar amaldagisi bilan to‘g‘ri keladimi?

Ushbu ma’lumotlarga iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z munosabatini bildirar ekan, amalda o‘rtacha oylik ish haqi bundan ancha past ekanini ma’lum qildi. «Chunki bu safar ham oylik ish haqi juda past bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va kichik biznes subyektlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar umumiy statistikada aks etmagan», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Qo‘mitaning izohiga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar respublikaning barcha korxona va tashkilotlari, jumladan kichik korxonalar, mikrofirmalar, fermer xo‘jaliklari bo‘yicha yilda bir marotaba shakllantiriladi. Bunga sabab kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklari O‘zbekiston prezidentining 2014 yil 7 apreldagi (PF-4609-son) farmoniga muvofiq davlat statistika hisobotlarini statistika idoralariga yilda bir marotaba taqdim etadi.

Ushbu sabab tufayli 2020 yilda O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi kichik korxonalar, mikrofirmalar va fermer xo‘jaliklarini qo‘shgan holda 2,227 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, kichik korxonalar, mikrofirmalar va fermer xo‘jaliklarisiz esa 2,673 mln so‘mni tashkil etgan. Ya’ni o‘rtacha oylik ish haqi kichik korxonalar, mikrofirmalar va fermer xo‘jaliklarini qo‘shgan holda hisoblanganida 446 ming so‘mga kam bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnomada qariyb 70 foiz ishtirokchi daromadlarining asosiy manbai oylik ish xaqiga to‘g‘ri kelishi ta’kidlangandi.