O‘zbekistonning 10 ta tuman va 6 ta shahrida charm-poyabzal tarmog‘iga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Ushbu zonalar Nukus, Oltinko‘l, Shahrixon, Jondor, Namangan, Urgut, Samarqand, Angor, Ohangaron va Hazorasp tumanlari, Namangan, Marg‘ilon, Qo‘qon, Jizzax, Qarshi va Nurafshon shaharlarida tashkil etiladi. Mazkur hududlarda infratuzilmani barpo etish uchun budjetdan 90 mlrd so‘m ajratiladi.

Uskunalar xarid qilish uchun tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kredit beriladi. Umuman, sohani qo‘llab-quvvatlashga joriy yilda 60 mln dollar imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bunda sohaga tegishli avval berilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2026 yilgacha uzaytiriladi. Shuningdek, chet ellik mutaxassislarni jalb etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Chet ellarda ulgurji ombor va savdo uylari tashkil qilish uchun xorijiy valyutada 3 yilga 4 foizlik kreditlar ajratiladi.

Hozirda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan charm-poyabzalning 23 foiz ulushi ayollar poyabzaliga, 8 foizi bolalar poyabzaliga tegishli. Shu bois bu yo‘nalishni ham soliq imtiyozi orqali rag‘batlantirishga ko‘rsatma berildi.


«Bu juda katta marra. Bu maqsadga erishish uchun bozor ham bor, katta miqdorda xom ashyo ham bor, talabgor ham bor. Faqat buning uchun tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratib berish kerak…Eng katta masala — mutaxassis yetishmasligi. Shuning uchun barcha hududlar bu borada aniq reja qilib, joylarda kadrlarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak» — dedi prezident.

Bundan tashqari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida zamonaviy O‘quv-ishlab chiqarish laboratoriyasi tashkil etilishi belgilanmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2017 yilda 760 mlrd so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 4 trln 415 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu davrda eksport hajmi 105 mln dollardan 421 mln dollarga yetgan. Ya’ni, ishlab chiqarish qariyb 6 barobar, eksport 4 barobar o‘sgan. Tayyor mahsulotlar ulushi ham 32 foizdan 78 foizga ko‘paygan.