Seshanba kuni taxminan 11:00 larda Toshkent shahrining ko‘p joylarida elektr energiyasida uzilish kuzatildi. «Gazeta.uz» xodimlari va o‘quvchilarining xabar berishicha, elektr energiya poytaxt markazi, Yunusobod, Chilonzor, Olmazor, Yashnobod, Mirzo-Ulug‘bek va boshqa tumanlarda mavjud emas.

«Gazeta.uz» manbalarining xabar berishicha, O‘zbekistonning energiya tizimida yirik avariya yuzaga kelgan.

Hozircha mobil aloqa ishlamoqda.

Nashr o‘quvchilari qayd etishicha, Samarqand, Namangan, Xorazm, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda ham uzilishlar kuzatilmoqda.

Qozog‘iston OAVlari ham Olmaota va mamlakatning janubiy hududlarida energiya uzilishi sodir bo‘lganini yozmoqda. Chimkent, Taraz, O‘sh va Bishkekda ham elektr energiyasi yo‘qligi aytilmoqda. Qolaversa, Qirg‘izistonda ham svet o‘chgani xabar qilinmoqda.

11:23 da Energetika vazirligi respublika energotizimida yirik nosozlik yuzaga kelib respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotganini tasdiqladi. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan nosozlikni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Vazirlik keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ragan.

11:24 da Toshkent shahrining barcha hududlarida elektr energiyasi o‘chganligi sababli Toshkent metropolitenining barcha yo‘nalishlarida vaqtinchalik metro harakati to‘xtadi, deb xabar qildi «Toshkent metropoliteni». Nosozlik bartaf etilganidan so‘ng Toshkent metropoliten yo‘lovchilarga doimiy jadval asosida xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi.

11:33 da Uy-joy kommunal xizmati ko‘rsatish vazirligi energotizimdagi nosozliklar ortidan isitish, oqova hamda ichimlik suvi tarmoqlarida ham uzilishlar kuzatilayotganini ma’lum qildi.

11:55 da O‘zbekiston temir yo‘llari yo‘lovchi poyezdlarning o‘z manziliga kechikib yetib borishini xabar berdi.

11:56 da Toshkent shahar IIBB ko‘chalardagi tirbandliklarni oldini olish uchun zarurat bo‘lmaganda shaxsiy transport vositalaridan foydalanmaslikni so‘rab chiqdi.

12:02 da Energetika vazirligi avariyaning asosiy sababini ma’lum qildi.

«Soat 10:57 da Qozog‘iston Respublikasi elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi natijasida Olma-ota, Shimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr eyenergiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga keldi. Buning natijasida Qirg‘iziston elektr tarmog‘ida, jumladan Bishkek, O‘sh va boshqa barcha shaharlarda elektr energiya o‘chishi kuzatildi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Qozog‘istondan keluvchi 530 liniyadagi kuchlanish va chastotani keskin o‘zgarishi oqibatida Toshkent IESi, Sirdaryo IESi da avariya himoya vositalari ishlab ketib bu ikkala stansiyani ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan.

Buning natijasida Farg‘ona va Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona vodiysi hududi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari tarmoqlarida elektr energiyasi o‘chdi.

Hozirgi vaqtda qo‘shni davlat tarmoqlaridan uzgan holatda har bir IESni alohida ishga tushirib, bosqichma-bosqich tarmoqlarga ulash choralari ko‘rilmoqda.

12:28 da Favqulodda vaziyatlar vazirligi ehtimoliy avariyalarning oldini olish maqsadida gaz va elektr moslamalarini tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yishni so‘ramoqda.

12:33 da FVV Toshkent metropolitenida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bosqichma-bosqich fuqarolar evakuatsiya qilinayotganini ma’lum qildi.

12:36 da Ijtimoiy tarmoqlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida Amirsoy tog‘-chang‘i kurortining kanat yo‘lida qolib ketgan odamlar tasvirlari paydo bo‘ldi. FVV matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, qutqaruvchilar otryadi kurortga jo‘nab ketgani haqida xabar berdi. Dam oluvchilarga kanat yo‘li kabinalaridan yerga ehtiyotkorlik bilan tushishga yordam beriladi, deya qo‘shimcha qildi FVV.

12:42 da SSV O‘zbekistonda elektr energiyasidagi uzilishlar poytaxtdagi yirik tibbiy markazlar faoliyati va uzluksiz operatsiyalar o‘tkazilishiga xavf tug‘dirmasligini bildirdi. Barcha operatsiya bloklari qo‘shimcha generatorlarga ulangani ma’lum qilindi.

12:46 da «Toshkent metropoliteni» xabar berishicha, Elektr metro tonnel va bekatlarida poyezd ichida qolgan barcha yo‘lovchilar metropoliteni xodimlari tomonidan xavfsiz evakuatsiya qilindi. Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo bartaraf etilganidan so‘ng, poyezdlar harakati ham belgilangan reja jadvali asosida qayta tiklanadi.

12:49 da O‘zbekiston aeroportlari vaqtincha yopildi. Uzbekistan Airports elektr tarmog‘idagi uzilishlar tufayli Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlari, jumladan Namangan, Andijon, Farg‘ona, Termiz, Qarshi, Urganch, Buxoro, Nukus va Samarqanddagi aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Hozirgi vaqtda faqat Navoiy aeroportida elektr energiyasi mavjud.

13:06 da Energetika vazirligi xabar berishicha, Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xodjikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy IES, Qoraqalpog‘istondagi Taxiatosh IES hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlandi.

Respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minoti tiklanayotgani qo‘shimcha qilingan.

13:13 da FVV qayd etishicha, avariya sababli ko‘p kvartirali uylardagi liftlar to‘xtab qolgan, vazirlik qutqaruvchilari tomonidan hozirgacha 10 dan ortiq fuqarolar liftdan chiqarib olingan. Ayni vaqtda FVV qutqaruvchilari joylarda zaruriy tadbirlarni amalga oshirmoqda.

13:20 da Vaziyat yuzasidan IIV aholiga murojaat yo‘lladi. «Mamlakatning ayrim hududlarida elektr ta’minotining tiklanguniga qadar IIVning barcha xizmatlari, shu jumladan Yo‘l xarakati xavfsizligi tizmi jamoat tartibini saqlashga, yo‘llarda tartibni ta’minlashga jalb etilganligini, fuqarolarning va ularning mulklarini xavfsizligi to‘liq ta’minlanishi nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 102 tizimi odatiy rejimda ishlamoqda. Fuqarolardan noodatiy vaziyatdan sarosimaga tushmasliklari hamda tushunmovchiliklar yuzaga kelganda ichki ishlar organlari va maxsus xizmatlarning yordamiga tayanishlari so‘ralgan. Ko‘cha va yo‘llarda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishingizni, yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilishingizni, maxsus trasport vositalariga yo‘l berishingizni, imkon tariqasida avtotrasport vositalaridan foydalanmasligingizni so‘raymiz, deyiladi murojaatda.

13:22 da Energetika vazirligi hududlar bo‘ylab elektr energiyasi ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanayotgani munosabati bilan tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish maqsadida gaz hamda elektr jihozlarini nazorat qilish hamda tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yishni tavsiya qildi.

13:24 da Poytaxt hokimligi shaharda joylashgan tibbiyot muassasalari, xususan, tug‘uruqxonalar, Covid-markazlar, tez tibbiy yordam markazlari qo‘shimcha elektr ta’minotiga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Qo‘shimcha qilinishicha, barcha yo‘lovchilar Toshkent metropolitenidan evakuatsiya qilingan.

13:30 da Toshkent aeroporti faoliyati tiklandi va u hozircha faqat reyslarni qabul qilish uchun ishlamoqda. Hududlardagi aeroportlar reyslarni qabul qilish va jo‘natishni boshladi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports.

13:34 da «Gazeta.uz» muxbiri elektrsiz qolgan shahar bo‘ylab sayr qilib, yo‘l nazoratchilarining tirbandliklarni qanday boshqarayotgani, shaharliklarning esa ishlayotgan bankomatlarni qidirayotganiyu qorong‘uda xaridlarni qanday amalga oshirayotganini suratga oldi.

13:53 da Toshkentning ayrim tumanlarida svet yondi. «Gazeta.uz» xodimlari va o‘quvchilarining xabar berishicha, Toshkent shahrining ayrim tumanlarida elektr ta’minoti tiklanmoqda.

13:59 da Qutqaruvchilar Chimyon va Bildirsoyda elektr energiyasi uzilgan vaqtda osma yo‘llarda qolib ketgan 80 kishini evakuatsiya qildi. Amirsoy kurortida esa elektr tezda qayta tiklangani uchun FVV yordamiga ehtiyoj qolmagan.

14:05 da Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekistonda 3 kun elektr energiyasi bo‘lmaydi» sarlavhali asossiz va feyk xabar e’lon qilinayotganini qayd etdi. «Ushbu xabar mutlaqo asossiz bo‘lib, hozirgi vaqtda respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda», deyiladi xabarda.

14:10 da «O‘zsuvta’minot» AJ hududlarda maxsus tezkor shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani va ular orqali aholiga ichimlik suvi muqobil yo‘llar bilan yetkazib berilishini e’lon qildi (hududlar kesimida jamiyatlar telefon raqamlari ro‘yxati).

14:12 da «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati ma’lum qilishicha, jamiyat tarkibidagi MAN RR3 (sayyohlik) rusumli avtobuslar ajratilib, «Buyuk Ipak Yo‘li metrosi» va «Olmazor metrosi» yo‘nalishi bo‘yicha metropolitenning barcha stansiyalarida to‘xtab o‘tish asosida yo‘lovchilarga transport xizmatlari ko‘rsatiladi.

14:48 da Favqulodda vaziyatlar vazirligida ishchi guruh shtabi tuzilib, murojaatlarni qabul qilish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tashkil etilgan tezkor raqam kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Qo‘ng‘iroqlar: 78 147−10−50 raqami orqali qabul qilinadi.

15:09 da Milliy gvardiya mamlakat bo‘ylab Qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari xodimlari va Texnik qo‘riqlash markazlari uzluksiz, shtat rejimida xizmat olib borayotgani xabar qilindi. «Fuqarolarimizdan qo‘riqlovdagi mol-mulklari xavfsizligidan aslo xavotirga tushmasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

15:16 da Uzbekistan Airports barcha xizmatlar uskunalarni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirayotganini ma’lum qildi. Bir necha daqiqalardan so‘ng, parvozlarga ro‘yxatga olish boshlanadi.

15:20 da Poytaxt hokimligi shahardagi korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga murojaat bilan chiqti. «Bir vaqtning o‘zida katta tirbandlikning oldini olish maqsadida, korxonangizda faoliyat yuritayotgan xodimlarga 15:30 dan keyin jadval asosida javob berishingizni tavsiya qilamiz», — deyiladi xabarda.

15:20 da «Gazeta.uz» muxbiri Madina A’zam «blekaut» vaqtida poytaxtni tasvirga oldi. Hozirda Toshkentda elektr energiyasini yetkazib berish qisman tiklangan.

15:53 da Prezident topshirig‘iga binoan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov huzurida hukumat komissiyasi tuzildi.

16:02 da O‘zbekistonda elektr enegriyasi o‘chishi ortidan «O‘zbekneftgaz» tizimidagi 64 ta konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, 3 ta gazni qayta ishlovchi zavod (Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va «Uzbekistan GTL») ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Hozirda suyultirilgan gaz va neft mahsulotlarini yetkazib berishda uzilishlar mavjud emas.

16:49 da Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq vaziyat shaxsan Shavkat Mirziyoyev nazorati ostida ekanligini ma’lum qildi. «Barchangizni xotirjamlikni saqlash va sarosimaga tushmaslikka chaqirib qolamiz. Vahimaga o‘rin yo‘q», — dedi u.

16:59 da Energetika vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganligi ma’lum qildi.

17:29 da FVV qutqaruvchilari poytaxt metropolitenidan 415 nafar yo‘lovchini evakuatsiya qildi. Pop tumanidagi temiryo‘lda yuk poyezdi to‘xtab qolganligi qolganligi uchun undan 40 km uzoqlikda yo‘lovchi poyezd ham to‘xtab qolgan.

17:59 da Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Toshkentda yaqin soatlarda suv ta’minoti tiklanishini ma’lum qildi.

18:16 da FVV mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi o‘chgan vaqtda Toshkentda to‘xtab qolgan liftlarda 51 ta odam bo‘lganligini, ular qutqaruvchilar va kommunal soha vakillari tomonidan chiqarib olinganini ma’lum qildi.

19:07 da Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Toshkentdagi markaziy isitish qozonxonalari 3−4 soat oralig‘ida to‘liq ish rejimiga o‘tishi va xonadonlar isiy boshlashini ma’lum qildi.