Ta’lim har qanday zamon va makonda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashning asosiy dastagi vazifasini o‘tab kelgan. Insoniyat madaniy hayotning bugungi darajasiga kelguniga qadar nimagaki erishgan bo‘lsa, barchasi uning aql-zakovati va bilimi mahsuli ekanligi kundek ravshan.

Axborot asrida jahon iqtisodiyotining bilimlar iqtisodiyotiga tomon transformatsiyasi ta’limning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi. Bilimlar iqtisodiyoti sharoitida bilim — eng asosiy resurs sifatida maydonga chiqadi.

Bilimlar iqtisodiyoti — bu bilimlar asosiga qurilgan iqtisodiyot; bunda yaratilgan har qanday mahsulot yoki xizmatning (qiymat) asosiy tarkibiy qismini intellektual kapital, sodda qilib aytganda, ishchilarning bilimi tashkil etadi. Jahon bankiga ko‘ra, bilimlar iqtisodiyoti bilimning amaliyotga tadbiq etilishi, malakali kadrlar va yaxshi ta’lim tizimi, axborot va kommunikatsion texnologiyalar infratuzilmasining mavjudligi hamda innovatsion jarayonlar bilan xarakterlanadi.

Ta’limning taraqqiyoti alohida olingan shaxslar, biznes va mamlakat miqyosida farovonlikka xizmat qiladi. Jumladan, yaxshi ta’lim alohida olingan shaxsning, eng avvalo, mehnat bozoridagi tanlovini kengaytiradi, yuqori daromadni kafolatlaydi. Bilimli va malakali kadr har qanday biznesni yuqori mehnat unumdorligi va yangi g‘oyalar bilan ta’minlaydi. Mamlakatda jamg‘arilgan intellektual kapitalning yuqori darajasi uning rivojlanganlik darajasini baholashda asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan har qanday davlatda ta’lim sohasini rivojlantirishga ustuvorlik beriladi.

Jumladan, O‘zbekistonda respublika budjeti hisobidan ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning asosiy qismi ta’lim sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. 2022 yil uchun ma’qullangan davlat budjeti parametrlariga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga qariyb 36,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 7753 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10181 ta umumta’lim muassasasi, 790 ta ixtisoslashtirilgan maktab, shuningdek, prezident maktablari, 339 ta kasb-hunar ta’limi muassasasi hamda 127 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda (2020−2021-o‘quv yili). Ayni paytda, mamlakatda nodavlat ta’lim tashkilotlari soni ortib bormoqda.

O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi besh yillik mo‘ljallariga muvofiq, mamlakatda maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi 80 foizga, oliy ta’limdagi qamrov darajasi 50 foizga yetkazilishi, xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Biroq, qayd etish joizki, mamlakatda ta’limni yuqori bosqichga ko‘tarish va malakali kadrlar tayyorlash uchun ta’limga davlat xarajatlarini ko‘paytirish, sohada xususiy sektor ulushini oshirish yoki qamrov darajasini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, mamlakatda ta’limni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining o‘zi yetarli emas. Bunga yetarlicha faktlar va ilmiy asoslar keltirish mumkin.

Birinchidan, ta’lim olish imkoniyatining mavjudligi ta’lim olishning o‘ziga teng emas. Ya’ni, masalan, bolaning maktabga qatnayotganligi uning bilim olayotganligini anglatmaydi. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 617 million bolalar va o‘smirlar o‘qish va matematika bo‘yicha minimal ko‘rsatkichdagi bilim darajasiga ham ega emas, vaholanki, ularning uchdan ikki qismi maktabda o‘qiydi. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi bu borada Afrika davlatlaridan keyin ikkinchi o‘rinda bo‘lib, mintaqada 6−14 yosh oralig‘idagi bolalar va o‘smirlarning 81 foizi mazkur fundamental fanlar bo‘yicha minimum darajadagi bilimga ega emas.

Ikkinchidan, o‘quvchi va talabalarning ta’limdagi ko‘rsatkichlariga nafaqat ta’lim tizimining joriy holati, balki oilaviy shart-sharoitlar va shaxsiy xususiyatlar kabi qator omillar ham ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Xususan, AQShning Viskonsin-Medison universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tgan asr oxirlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bolaning ta’lim olish jarayonida qayd etadigan ko‘rsatkichlari — erishadigan yutuqlarini uch guruhga mansub omillar belgilab beradi.

Birinchi guruh — bu institutsional omillar bo‘lib, ularga ta’limga kiritilgan investitsiya, madaniy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy muhit omillari kiradi. Bu kabi omillar ota-onalar hamda bolalarning ta’lim borasidagi qarorlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Ikkinchi guruh — ota-ona bilan bog‘liq omillarni o‘z ichiga oladi. Ota-ona tomonidan bolalar uchun ajratilgan vaqt, daromad darajasi, oilaning tuzilishi va katta-kichikligi, bolaning ta’lim olishi bilan bog‘liq qarorlar va eng muhimi, bolaning ijtimoiy kelib chiqishi — oilaviy muhiti shular jumlasidan. Mazkur omillar, bir so‘z bilan aytganda, ota-onaning qarorlari yuqorida sanab o‘tilgan institutsional omillar — hukumatning qarorlariga javoban shakllanib, bolaning ta’lim olishi hamda rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Uchinchi guruh — bolaning o‘z xohish-istaklarini, imkoniyatlari hamda kamchiliklarini aks ettiruvchi qarorlar. Shuningdek, boladagi ta’lim olishga bo‘lgan rag‘bat. Bu, o‘z navbatida, jamiyat va ota-ona tarafidan qabul qilingan qarorlar ta’sirida yuzaga keladi.

Ota-ona bilan bog‘liq omillar — ota-onaning ma’lumoti va daromadi darajasi

Oilaning daromadi darajasi, oilaning turi, katta-kichikligi va ota-onalarning ma’lumoti kabi omillar bolalarning yetarli darajada va sifatli ta’lim olishida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi qator ilmiy izlanishlar natijasida o‘z tasdig‘ini topgan.

Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan keng qamrovli so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, ta’lim bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda ota-onalarning ma’lumoti darajasi va jinsi muhim rol o‘ynaydi. Ota-onalarning o‘qimishlilik darajasiga ko‘ra farzandlarning ta’lim olishdagi potensialini prognoz qilish mumkin ekan. Ayniqsa, onaning ma’lumoti darajasi farzandlarning majburiy ta’limdan keyin ta’limni davom ettirishi yoki davom ettirmasligini hal qiluvchi asosiy omil hisoblanadi. Qiz farzandlarning ta’limni davom ettirish borasidagi qaroriga ham onaning ma’lumoti darajasi kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda, ota-onaning ma’lumoti darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, farzandlarning ta’limni davom ettirish, jumladan, oliy ta’lim olish imkoniyati shuncha oshadi.

Shuningdek, tadqiqotchilarning qayd etishicha, farzandlarning ta’lim olishi bilan bog‘liq masalada, oilaning daromadi past yoki yuqori bo‘lishidan qat’i nazar, ota-onaning ma’lumoti darajasi o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmaydi.

Bundan tashqari, Britaniya ta’lim tizimida o‘tkazilgan islohotlar natijalari tahliliy o‘rganilganida, ta’lim bozorini kengaytirish va imkoniyatlar tengligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan barcha institutsional sa’y-harakatlarga qaramay, ta’limdagi tafovut oilaviy kelib chiqishi yaxshiroq bo‘lgan bolalar foydasiga oshib borgani kuzatilgan. Past daromadli oilalarda o‘sayotgan bolalar esa sohaning ular uchun zararli bo‘lgan jihatlaridan aziyat chekishda davom etayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, 2004−2005 yillarda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha (1, 2), oliy ta’limni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuqori va past daromadli ota-onalar farzandlarining ta’lim darajasi o‘rtasidagi tafovutni kamaytirmaydi. Bu — oliy ta’lim bozorini kengaytirish orqali adolatli natijalarga erishib bo‘lmasligiga, soddaroq aytganda, oliy ta’limga davlat xarajatlarini oshirish orqali aholining boy va kambag‘al qatlamining ta’lim olish imkoniyati va ta’lim darajasini tenglashtirib bo‘lmasligiga ishora qiladi.

AQShning Illinois Veslyan universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolalarning ta’limda qayd etgan natijalari va uchta omil — onalarning ma’lumoti, oilaning daromadi darajasi va oilaning katta-kichikligi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik mavjud. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, «bolalar bilan o‘tkaziladigan vaqtning sifati va miqdori» ularning jismoniy va ruhiy jihatdan kamol topishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, ta’lim tizimi, har bir o‘quvchiga ajratiladigan mablag‘ miqdori va maktabning joylashuvi ham bolaning ta’limdagi yutuqlarini (yoki muvaffaqiyatsizligini) belgilab beruvchi asosiy omillar qatoriga kiritilgan.

Illinois Veslyan universiteti mutaxassislari o‘z tadqiqotlari natijalariga tayanib, kam ta’minlangan, yolg‘iz ona qaramog‘idagi va ko‘p bolali uy xo‘jaliklariga bu borada hukumat ko‘magi zarur ekanligini qayd etgan.

G‘arb va Sharq tajribasidagi o‘ziga xoslik

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, G‘arb va Sharq mamlakatlarida bolalarning ta’limdagi natijalariga oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va tarkibiy omillarning ta’siri turlicha ekanligi aniqlangan. Xususan, bu borada Xitoy, AQSh va Germaniya misolida olib borilgan ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, boshqa mamlakatlarda bo‘lganidek, Xitoyda ham «bolalarning akademik ko‘rsatkichlariga oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati ta’sir qiladi, biroq Xitoyda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati ta’siri AQSh va Germaniyadagiga qaraganda ancha kichik». Xitoyda ta’limga mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy tizim bilan bog‘liq bo‘lgan tarkibiy omillarning ta’siri nisbatan kuchliroq. AQSh va Germaniyada esa bu omillar deyarli ahamiyatga ega emas.

Sodda tilda aytganda, AQSh va Germaniyada, kam ta’minlangan yoki yomon oilaviy muhitda o‘sayotgan bolalarning ta’limda muvaffaqiyat qozonishiga yaxshi tashkil etilgan ta’lim tizimi ham yordam berolmasligi mumkin. Xitoyda esa aksincha, bolalarning oilaviy ahvoli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu ularning ta’limda yuqori natijalarni qayd etishlariga to‘sqinlik qilmaydi. Bu borada faqat tizimdagi juz’iy kamchiliklar yoki ta’lim bozoridagi taklif rol o‘ynashi mumkin, xolos.

Bu borada xitoylik olimlarning xulosalariga tayanilsa, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati xitoylik bolalarning ta’limdagi natijalariga ta’sir etuvchi asosiy omillardan biriligicha qolmoqda. Biroq, qayd etilishicha, shahar va qishloq joylar kesimida uning ta’sir kuchi turlicha ekanligi aniqlangan. Xususan, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati shahar joylarda o‘sayotgan bolalarning ta’lim olish imkoniyatiga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni ota-onalar farzandlarining sifatli ta’lim olishi va ta’limda yaxshi natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida o‘zlarining ijtimoiy va iqtisodiy resurslarini safarbar etadilar (davlat maktabi va bozordagi boshqa ta’lim xizmatlarining yaxshirog‘idan foydalanish kabi). Qishloq joylarda esa bolalarning ta’limdagi yutuqlariga o‘zlaridagi ta’lim olishga bo‘lgan rag‘bat kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni chekka hududlarda yashovchi ota-onalar farzandlarining ta’lim olish jarayonida bevosita ishtirok etish (ta’limga oid masalalarni birgalikda muhokama qilish, dars qilishda ko‘maklashish va h.k.) orqali ularda ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bilim olishga oid zarur odat va ko‘nikmalarni rag‘batlantiradilar hamda shu orqali farzandlarining ta’limdagi muvaffaqiyatini ta’minlaydilar.

Ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar haqida qisqacha

AQShdagi xususiy maktablardan biri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, institutsional omillar (maktablarning yetishmasligi, talabga javob bermaydigan shart-sharoitlar) va moliyaviy yetishmovchiliklardan tashqari, ta’limning ahamiyatini to‘la anglamaslik, jamiyatdagi turli stereotiplar va, ayrim hollarda, noqulay geografik joylashuv natijasida bolalar yetarli darajada ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi.

Bu esa, o‘z navbatida, bolalarda salomatlik bilan bog‘liq muammolar, qator ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan:

  • salomatlik holatining yomonligi;
  • kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligining qisqaligi;
  • qashshoqlik;
  • ishsizlik;
  • ish haqining past darajasi;
  • gender tengsizligi;
  • jamiyatdan uzilish;
  • noqonuniy xatti-harakatlar;
  • iqtisodiyotning zaiflashuvi;
  • jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol aralasha olmaslik.

Nima qila olamiz?

Bugungi kunda ta’lim sohasidagi sifat, texnologiya ta’minoti va tengsizlik muammosidan barcha rivojlanayotgan davlatlar, hatto ayrim rivojlangan davlatlar ham aziyat chekadi. Dunyo hamjamiyati ta’lim inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda, pandemiya uni yanada chuqurlashtirdi. Xususan, 2020 yil pandemiya avjiga chiqqan paytda dunyo bo‘ylab 1,6 milliardga yaqin bola an’anaviy shaklda ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgandi. Hozirgi kunda ham dunyo miqyosida qariyb 38 million o‘quvchilar uchun maktablar qisman yoki butunlay yopilgan.

Jahon bankining hisob-kitoblariga qaraganda, pandemiya inqirozi vaqtidagi ta’lim sohasi bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlarning umumiy qiymati trillionlab AQSh dollariga teng bo‘lishi mumkin. Bolalar ta’limidagi yo‘qotishlar o‘nlab yillar davomida ularning umumiy farovonligi va mehnat unumdorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ayni paytda pandemiya ta’limdagi tiklanish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rishni talab qilish bilan birga, har qanday ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqish va sharoitlardagi bolalar bilim olishi va rivojlanishi uchun ta’limni qayta ko‘rib chiqish va qayta tiklash uchun «noyob imkoniyatni» taqdim etganligi ta’kidlanadi.

Jahon bankiga ko‘ra, global ta’lim inqirozini uchta qadam bilan yengib o‘tish mumkin — malakali o‘qituvchilarni tayyorlash va jalb qilish, tizimni eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash orqali o‘qish va o‘qitish sifatini yaxshilash, tizimda boshqaruvni kuchaytirish va uning samarali tashkil etilishini ta’minlash.

Biroq bularning aksariyati, yuqorida ta’kidlanganidek, hukumat qarorlari va tizim bilan bog‘liq omillar sirasiga kiradi. Ta’limda kutilgan natijalarga erishish birgina tizimga emas, aholi daromadlari, ta’limga nisbatan qarashlar, ota-onalar o‘z bilimi va saviyasidan kelib chiqqan holda qabul qiladigan qarorlariga bog‘liqligicha qolaveradi.

Yuqorida keltirilgan tadqiqotlar natijalari, ilmiy dalillar hamda mutaxassislar tavsiyalaridan kelib chiqqan holda xulosa qilish mumkinki, ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq:

1. Birinchi navbatda, shahar va qishloq joylar ta’lim infrastrukturasida mavjud tafovutlarni imkon qadar qisqartirish orqali ta’limda tenglikni, jamiyatda barcha bolalarning bir xil shart-sharoitlarda ta’lim olishini ta’minlash zarur.

2. Daromadlar tengsizligini imkon qadar qisqartirish. Jamiyatda daromadlar tengsizligining kuchayishi quyi daromadli va yuqori daromadli oilalarda o‘sgan bolalarning akademik natijalari orasidagi tafovutning kengayishiga, bundan tashqari, quyi daromadli oilalar farzandlarining oliy ta’limdagi ishtiroki darajasi pasayishiga olib keladi. Oqibatda, bilim va malakaning notekis taqsimlanishi kelgusida daromadlar notekis taqsimotining avloddan-avlodga o‘tib borishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, aholi daromadlarining oshishi bolalarning erta yoshdan mehnatga jalb qilinishi va maktabni tark etishining oldini oladi.

3. Jamiyatda ayollar faolligini oshirishda asosiy urg‘u faqatgina ular orasida bandlikni ta’minlash va kasb-hunarga o‘qitish masalalari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ayollarning farzand tarbiyasi va ta’lim olishi jarayonidagi ishtirokini hisobga olgan holda, ularning zamonaviy va professional bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadga muvofiq.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 16−29 yoshdagilarning 26,4 foizini mehnatda, ta’limda yoki professional tayyorlov kurslarida band bo‘lmagan yoshlar (NEET) tashkil qiladi. E’tiborlisi shundaki, mamlakatda 16−29 yoshdagi ayollarning 44 foizi NEET yoshlar toifasiga kiradi. Bu shu yoshdagi erkaklar NEET darajasidan to‘rt baravar yuqori.

4. Ta’limning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jamiyat farovonligida tutgan o‘rni va ahamiyatini, yetarli ta’lim darajasiga ega bo‘lmaslikning potensial oqibatlarini aholiga chuqurroq yetkazish lozim.

5. Shuningdek, ota-onalar ish va shaxsiy hayot muvozanatini saqlashi, ijtimoiy masalalar, ish va boshqa kundalik yumushlardan holi tarzda farzandlariga yetarli darajada vaqt ajratishlari uchun zarur choralar va targ‘ibot ishlarini tashkil etish foydadan holi bo‘lmaydi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.