Transparency International xalqaro antikorrupsiya tashkiloti 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksini (CPI) e’lon qildi. Unda O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga yuqorilab, 180 davlat ichida 140-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston 100 balllik indeks bo‘yicha (bu yerda 0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi va 100 — juda past daraja) 28 ball to‘pladi. Shuningdek, Pokiston, Mavritaniya va Myanma davlatlari ham O‘zbekiston bilan bir xil ball to‘plagan.

2012 yildan beri O‘zbekiston mintaqada ushbu indeksda sezilarli yuqorilagan davlatlardan biri bo‘ldi.

Transparency International

Shuningdek, O‘zbekiston dunyo miqyosida ham 5 yilda muhim o‘zgarishlarga erishgan davlatlar qatoridan joy oldi.


Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtacha 36 ball bilan indeksda ikkinchi eng past natijaga erishgan mintaqa bo‘ldi. Bu yil mintaqaning atigi uchta mamlakati global o‘rtacha 43 balldan yuqori ball to‘pladi: Gruziya (CPI ball: 55), Armaniston (49) va Chernogoriya (46). O‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ballga ega bo‘lgan Belarus (41) o‘tgan yilga nisbatan 6 pog‘onaga pastladi. Turkmaniston (19), Tojikiston (25) va Qirg‘iziston (27, o‘tgan yilga nisbatan 4 pog‘onaga kam) mintaqadagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etgan mamlakatlar qatorida qayd etildi

Markaziy Osiyoda ko‘plab siyosiy yetakchilar o‘tgan yil davomida huquqlar va javobgarlikka yangi cheklovlar kiritish uchun COVID-19 dan tutun pardasi sifatida foydalangan, Sharqiy Yevropadagi populistik hukumatlar esa korrupsiyani chaqirish uchun zarur bo‘lgan so‘z va yig‘ilish erkinliklarini qattiqlik bilan bosgan, — deyiladi Transparency International bayonotida.

Dunyo bo‘yicha

Dunyo davlatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i (68%) 50 balldan past ball to‘plagan va o‘rtacha global ko‘rsatkich — 43 ball darajasida bo‘lib qolmoqda. 2012 yildan beri 25 davlat o‘z ballarini sezilarli darajada yaxshilagan, 23 ta davlat reytinglari esa sezilarli darajada pasaygan.

Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida 131 mamlakat korrupsiyaga qarshi sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Bu yil 27 mamlakat o‘zlarining CPI reytingida tarixiy eng past darajasini qayd etdi.

Bu yil reytingning eng yuqori uchligidan Daniya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya o‘rin olib, ularning har biri 88 balldan to‘plagan. Norvegiya (85), Singapur (85), Shvetsiya (85), Shveysariya (84), Niderlandiya (82), Lyuksemburg (81) va Germaniya (80) kuchli 10 talikni yakunladi.

Transparency International

Janubiy Sudan (11), Suriya (13) va Somali (13) indeksning eng quyi pog‘onasida qolmoqda. Tashkilotning qayd etishicha, qurolli to‘qnashuvlar yoki avtoritarizmni boshdan kechirayotgan davlatlar past ball to‘plagan. Venesuela (14), Afg‘oniston (16), Shimoliy Koreya (16), Yaman (16), Ekvatorial Gvineya (17), Liviya (17) va Turkmaniston (19) shular jumlasiga kiradi .

«Butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash to‘xtab qolar ekan, inson huquqlari va demokratiya ham hujum ostida. Bu tasodif emas. Bizning so‘nggi tahlilimiz shuni ko‘rsatadiki, inson huquqlarini himoya qilish korrupsiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga ega: fuqarolik erkinliklari yaxshi himoyalangan mamlakatlar CPI bo‘yicha odatda yuqori ball oladi, fuqarolik erkinliklarini buzgan mamlakatlar esa pastroq ball oladi, deyiladi xalqaro antikorrupsiya tashkiloti xabarida.

Tashkilotning yozishicha, global COVID-19 pandemiyasi ko‘plab mamlakatlarda asosiy erkinliklarni cheklash hamda muhim nazorat va muvozanatlarni cheklash uchun bahona sifatida ishlatilgan.