Haftaning ilk uch kuni davomida respublikaning barcha hududlarida biroz shamol bilan asosan kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston hududlaridan kirib kelgan sovuq antitsiklon mamlakat hududini to‘liq tark etgani yo‘q. Kechalari va ertalabki soatlarda 0…-3 gradus, ba’zi joylarda -5 gradus atrofida bo‘lgan biroz manfiy harorat saqlanib turadi. Kunduz kunlari harorat +5…+8 gradus iliqdan oshmaydi. Shimoliy hududlarda kechalari −6…−9 gradus sovuq, kunduz kunlari -3 gradus sovuqdan +2 gradus iliqqacha bo‘ladi.

Haftaning ikkinchi yarmida havo biroz isiydi, respublika hududining katta qismida harorat kechalari 0…+5 gradus iliq, kunduz kunlari +8…+10 gradus iliq, ba’zi joylarda +12 gradus iliqqacha ko‘tariladi.

Juma kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida (Farg‘ona vodiysidan tashqari) yomg‘ir yog‘adi, shimoliy hududlarda va respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir hamda qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.