Termiz shahri hududida joylashgan masjidlar atrofida «jihod» va «hijrat» g‘oyalarini targ‘ib qilib, kelgusida Suriya va Falastin davlatlaridagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishni rejalashtirgan shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi O‘zA. Ular DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyat Milliy gvardiya va IIB bilan hamkorlikda ushlangan.

Qayd etilishicha, ushbu jinoiy guruhning asosiy yetakchilari hisoblangan, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi G‘. B. va N. T. 2021 yilning 15 iyun kuni qo‘lga olingan bo‘lib, ularga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilgan.

Ayni vaqtda ushbu shaxslar Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan mos ravishda JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 244−1 -moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandi, 244−2 -moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 2 qismi «b» bandi bilan aybdor deb topilib, 15 yil 6 oy muddatga hamda JKning 244−2-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.