Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov 21 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng, uni kutib turgan geografiya o‘qituvchilari bilan uchrashganini ma’lum qildi.

«Brifingdan chiqsam, Navoiy 30 kiraverishida bir guruh geografiya fani ustozlari meni kutib turishgan ekan. 3−5 yillik ish tajribasiga ega, aksari yosh yigitlar. Birovlari uzoq viloyatdan kelishibdi. Kimdir ularga sizlarga kirishni taqiqlashdi, debdi. Eshitib bir oz xijolat bo‘ldim, g‘ashlandim», — dedi u.

Shuhrat Sattorov ustozlarni olib, Respublika ta’lim markaziga borgani va u yerda «geografiya fani bilan bog‘liq o‘zgarish va muammolarni ochiqchasiga gaplashganini» qayd etdi.

«Ular fan taqdiridan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. Men esa birgalikda jamoa bo‘lib fanning jozibadorligini oshirish yo‘lida bizning ekspertlarimiz bo‘lishni taklif qildim. Ularni qiynayotgan masalalarni birgalashib hal qiladigan bo‘ldik», — deya so‘zlab berdi u.

«Geografiya fanidagi mavzular soni Milliy o‘quv dasturida avvalgisiga qaraganda 96 taga ko‘paygan, — deya ta’kidladi markaz rahbari. — Dasturda endi geografiyaga oid jami 387 ta mavzu o‘qitiladi. Biz bu fanni yo‘q qilmoqchi emasmiz. Ammo muammoning ildizi boshqa yerda. Qachonlardir maktab ta’limi uchun fanlar soatlari taqsimlanganida, „pirog“ taxminlar va ichki sezgi asosida bo‘lingan. Bunda na bir tadqiqot yoki tajribaga asoslanilgan emas».

Uning so‘zlariga ko‘ra, yillar davomida turli idora va qarorlar aralashuvi bilan kerak-kerakmas fanlar «tug‘ila boshlagan».

«Fanlar ko‘paydi, takror va nafsiz mavzular ko‘paydi. Bundan ayrimlar manfaatdor ham bo‘lishgan. „Ochko to‘plash“, hujjatlarni „yopish“ ortidan maktab bilan birga, butun boshli uch avlod qurbon bo‘layotgani hech kimni qiziqtirmagan. Ustiga-ustak eskicha metodika, 50 yillik yondashuv va kontent yangi avlod uchun bamisoli jazo edi», — deya fikr bildirdi Shuhrat Sattorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «maktab tobora zerikarli makonga aylanib, bolalar undan tom ma’noda zerika boshlashgan edi». Ammo azbaroyi diplom orzusi ular dalil va raqamlarni yod olishar, hayotda esa o‘rganganlarini ishlatishmaydi.

Qayd etilishicha, ana shunday bir paytda Xalq ta’limi vazirligi oldiga Shavkat Mirziyoyev jozibador ta’limni yaratish, dastur, darsliklar va metodikani yangilash vazifasini qo‘ydi.

«Oldimizda standartlarni yangilash, dastur mavzularini zamonaviylashtirish va tartiblash, fanlarni va 11 yillik o‘quv yuklamasini kamaytirish vazifasi qo‘yildi. Maqsad yo‘lida deyarli yarim ming nafar inson jipslashdi. Ularning aksariyati o‘qituvchilar — eng yaxshi, eng fidoyilari», — deydi Respublika ta’lim markazi direktori.

Ta’kidlanishicha, jahonning eng yaxshi tajribalari asosida ta’lim dasturlari va darsliklar tayyorlanmoqda.

Uning so‘zlariga qaraganda, «o‘zgarishlar ehtimol hozir sezilmayotgandir, ammo ta’limda bu uchun kamida 5−6 yil kerak». Mavzular tartiblanganda va tahrirlanganda, ayrim fan soatlarida ham o‘zgarishlar bo‘ldi.

«Soat — o‘qituvchilarning nozik nuqtasi. Chunki uning rizq-ro‘zi soatda, uyining barakasi soatda, — dedi Shuhrat Sattorov. — Sanoqli davlatlar qatorida O‘zbekiston ham o‘qituvchilarga dars soatiga qarab oylik to‘laydi. Yillar davomida soatlar ketidan, raqamlar ketidan chopdik, sifat o‘z holicha tashlab qo‘yildi. Bugun anglayapmanki, o‘qituvchilar oyligi soat bilan bog‘lanar ekan, o‘zbekistonlik o‘quvchilarni keraksiz fanlardan, og‘ir o‘quv yuklamasidan xalos qila olmaymiz».

U shuningdek, o‘zining hayotidagi eng katta muvaffaqiyati — «fidoyi, bilimdon ustozlarga duch kelgani» ekanligini qayd etdi.

«Maktab jozibador bo‘lishi uchun o‘quvchilarga hayotdan xursand ustozlar kerak. Aynan ular farzandlarimizda baxtlilik hissini, ertangi kunga ishonchni uyg‘ota olishadi», — dedi u.

Respublika ta’lim markazi direktori islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilayotganlarga ham murojaat qildi.

«Bugun biz o‘zgarishlar qilayotgan maktablarda o‘zimizning ham farzandlarimiz o‘qiydi. Shu sababli har qanday qaror ortida shaxsiy hushyorlik ham turadi. Bugungi o‘zgarishlar o‘quvchilarimizga kechagidan yuz chandon foydali ekaniga ishonchim to‘liq komil. Farzandingiz siz kabi hayotdan xafa, omadsiz bo‘lib ulg‘ayishini istamasangiz, bizga siz o‘qigan zerikarli va foydasiz ta’limni o‘zgartirishga yordam bering. Hech bo‘lmasa, xalaqit qilmang!», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi maktablarda yuqori sinflar uchun geografiya fani soatlari qisqarishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fan o‘qituvchilarining e’tirozlariga munosabat bildirdi.

6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona 3 soatlik «Tabiiy fanlar» fani kiritilgan. Qisqarayotgan 3 soat esa «Tabiiy fanlar» doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga qo‘shib berilgan. Vazirlik geografiyaga oid mavzular 96 taga ko‘payganini ham qo‘shimcha qildi.