O‘zbekiston 2026 yilgacha ichki bozorni dori vositalari bilan ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazmoqchi. Bu bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonni imzoladi.

Mazkur hujjat farmatsevtika sanoatida kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli investitsiya loyihalari dasturini tasdiqlaydi. Shu vaqt ichida dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish rejalashtirilgan.

2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi. Buning uchun ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etish kerak bo‘ladi.

1 apreldan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi. Avval berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz bo‘lgan guvohnomalarga almashtirib beriladi;

Bundan tashqari, 1 apreldan boshlab mahalliylashtirilgan farmatsevtika mahsulotlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilmoqda. Buning uchun 3 yilga maxsus shartnoma tuziladi.

Kafolatlangan xaridlar uchun yetkazib beruvchilar ochiq tender orqali tanlanadi. Ushbu tanlovlar O‘zbekistonda ilgari ishlab chiqarilmagan va mahalliylashtirishga mo‘ljallangan dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari ro‘yxati doirasida o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika sanoatida bir qator cheklovlar bekor qilindi:

  • donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;
  • dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov;
  • tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilinadi.

1 apreldan boshlab farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)"ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat xaridlariga faqat sertifikatlangan yetkazib beruvchilar ruxsat etiladi:

  • “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)"ga muvofiq;
  • tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar — “ISO:13485” standartlari asosida;
  • “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, GMP standartlari bo‘yicha faoliyat yurituvchi farmatsevtika mahsulotlarini eksport qiluvchilar quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladilar:

  • eksport bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha (avtomobil transportida eksport umumiy qiymatining 5 foizigacha, temir yo‘l orqali 7 foizigacha) qoplash uchun subsidiyalar;
  • aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun aylanma kreditlar — 1 yilgacha bo‘lgan muddatga, 4 foizli stavka bilan, 3 mln dollargacha.

2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi:

  • dori vositalari ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari;
  • texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin prezident Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika tarmog‘ida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Taqdimotda 1,25 mlrd dollarlik 104 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani haqida ma’lumot berilgandi.