Prezident 22 yanvar kuni «2022−2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [98-son] qarorga imzo chekdi.

Hujjat bilan 2022−2024 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Dastur doirasida kelgusi 3 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 76 trln 881 mlrd so‘m (MBning 24 yanvardagi kursiga ko‘ra — 7 mlrd 89 mln dollar), 2022 yilda — 23 trln 790 mlrd so‘m, 2023 yilda — 25 trln 17 mlrd so‘m, 2024 yilda — 28 trln 74 mlrd so‘m ajratiladi. 2023−2024 yillar uchun maqsadli mo‘ljallarga budjet parametrlarini shakllantirishda aniqlik kiritilishi qo‘shimcha qilingan.

2022 yilda mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga ajratiladi:

  • Ijtimoiy sohalar — 5,9 trln so‘m;
  • Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — 1,3 trln so‘m;
  • Yo‘l-transport infratuzilmasi — 2,7 trln so‘m;
  • Irrigatsiya va melioratsiya — 1,5 trln so‘m;
  • Ma’muriy-hududiy, muhandislik-infratuzilma, shuningdek alohida muhim va toifalangan obyektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish — 3,9 trln so‘m;
  • Boshqa yo‘nalishlar, shu jumladan, yopiq qism va mudofaa organlariga — 4,5 trln so‘m;
  • Turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv vayo‘l infratuzilmalarini yaxshilash — 300 mlrd so‘m;
  • «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga asosan amalga oshiriladigan loyihalarga — 3 trln so‘m;
  • Aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish,kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlariga — 530 mlrd so‘m.

Kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan vazifalar qatoridan quyidagilar ham o‘rin olgan:

  • 54 230 o‘quv o‘rni va 8 358 yotoq o‘rniga ega oliy ta’lim muassasalari;
  • 259 101 o‘quv o‘rniga ega, 248 ta sportzaldan iborat umumta’lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • 88 310 o‘ringa ega maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • 24 213 o‘ringa ega sog‘liqni saqlash muassasalari.

Hujjatga muvofiq, Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzildi. Komissiyasi dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Dasturlar doirasida rejalashtirilgan mablag‘larni ichki manbalar hisobidan jalb qilingan qarz mablag‘lari, xorijiy kreditlar va ular bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarini qoplashga, shuningdek, obyektlar qurish uchun kreditlar ajratishga yo‘naltirish taqiqlanadi. Bunda, avval qabul qilingan tegishli qarorlar doirasida kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foiz to‘lovlari respublika budjetida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobilan idoraviy obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarining manzilli ro‘yxatlari har yili 1 aprelga qadar Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishiladi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yildan:

  • ikki yil muddatga vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning ma’muriy binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangidan boshlanadigan loyihalarni (Prezident qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan, shuningdek, yangidan tashkil etiladigan shahar va tumanlarda joylashadigan loyihalar bundan mustasno) O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritish taqiqlanadi;
  • kelgusi yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish jarayonlarida keyingi yillarga o‘tadigan loyihalar (obyektlar) soni bosqichma-bosqich qisqartiriladi va ularni tegishli moliyaviy yilda foydalanishga topshirish nazarda tutiladi.

2022 yilda yakunlanadigan ta’lim muassasalari obyektlari — 15 avgustgacha, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar obyektlari — 1 oktabrgacha, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlari — 1 dekabrgacha foydalanishga topshiriladi.