O‘tgan kunlarda ta’lim tizimiga u yoki bu tarzda ta’sir o‘tkazuvchi ikki hujjat qabul qilindi va e’lon qilindi. Mazkur hujjatlar qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligini o‘rganib chiqamiz.

Ushbu hujjatlardan birinchisi — Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori. Hujjat bilan 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy til yo‘nalishlariga kirishda abituriyentlar chet tili bo‘yicha an’anaviy test savollari bloki o‘rniga nutq ko‘nikmalarini (tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradigan bo‘ldilar. Nutq ko‘nikmalarini tekshiruvchi xuddi shunday imtihonlarni attestatsiya paytida maktab, litsey va kasb-hunar ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari ham topshirishlari belgilandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Davlat test markazi (DTM) bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga xorijiy til fanini kiritish yuzasidan asoslangan taklif kiritish topshirildi. Hujjatda xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy til bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

OTMga kirishda asosan grammatik qoidalarni ko‘r-ko‘rona yodlash darajasini aniqlab beruvchi an’anaviy testlar o‘rniga nutq ko‘nikmalarini tekshirish muhim va to‘g‘ri qadam. Biroq shu o‘rinda ko‘plab savollar tug‘iladiki, bu savollarga javoblar testlarning validligi va ishonchliligiga jiddiy ta’sir qiladi.

Baholovchilarning ishonchligigi qanday ta’minlanadi?

Ijodiy imtihonlar, qoidaga ko‘ra, OTMga hujjat topshirish tugallanishi va kirish testlari boshlanishi oralig‘ida o‘tkaziladi — bu odatda iyulning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Agar, masalan, yozish va gapirish ko‘nikmalarini tekshirish uchun kerak bo‘ladigan eng minimal vaqtni — har bir abituriyentning har bir ko‘nikmasiga 15 daqiqadan olsak (aslida, albatta, ushbu ko‘nikmalarni sifatli tekshirish uchun ko‘proq vaqt kerak), u holda faqatgina uchta OTMning 27 ming nafar abituriyentini tekshirish uchun (o‘tgan yili ularning soni taxminan shuncha bo‘lgan) 13500 soat talab qilinar ekan.

Buncha sondagi abituriyentlarni baholashga ulgurish uchun, masalan, sakkiz soatlik 20 ish kuniga 80 nafardan ko‘proq ekspertni (baholovchini) jalb qilish talab qilinadi. Va bu hali baholarning ishonchliligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ikkinchi ekspert tomonidan baholarni moderatsiya qilish jarayonisiz — moderatsiya ekspertlar sonini eng kamida 1,5 barobar oshirishni taqozo etadi.

OTMga kirish imtihonlari, bu — test topshiruvchi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan sinovdir. Bunday imtihonlar ta’lim tizimi ishtirokchilariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi (ilm-fanda bunday testlar «high-stakes tests» deb ataladi). Bunday muhim imtihonlarda test topshiruvchilar ishini baholash uchun ekspertlar jalb qilinganda, ularning tashqi va ichki ishonchliligini ta’minlash juda muhimdir.

Baholovchilarning tashqi ishonchliligi yoki baholovchilar o‘rtasidagi ishonchlilik (inter-rater reliability), bu — ayni bir ish turli baholovchilar tomonidan baholanganda katta tafovutlarning yo‘qligi. Misol uchun, agar bir baholovchi bir yozma ishni 80 ballga, boshqa bir baholovchi esa xuddi shu ishni 65 ballga baholagan bo‘lsa, baholovchilarning tashqi ishonchliligi mavjud emasligini ko‘ramiz.

Baholovchining ichki ishonchliligi (intra-rater reliability), bu — ayni bir ishni tekshirishda baholovchining turli vaziyatlarda ham bir xil yoki o‘xshash bahoni qo‘yishidir. Masalan, ekspert ish kunining boshlanishida yozma ishni 70 ballga baholagan bo‘lsa, biroq xuddi shunday ishga kunning oxiriga kelib bundan ancha balandroq yoki pastroq baho qo‘ysa, demak, baholovchining ichki ishonchliligi mavjud emas.

Baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini ta’minlash va nazorat qilishning turli usullari mavjud. Ushbu usullardan foydalanish nafaqat test topshiruvchilarga nisbatan adolatni, balki testning validliligi va saralash sifatini ham ta’minlaydi, ammo bu vaqt, pul va malakali mutaxassislarni talab qiladi.

DTM xorijiy tillar bo‘yicha milliy sertifikat va pedagoglar ustamasi uchun o‘tkazilayotgan test sinovlari doirasida bir necha yillardan buyon yozish va gapirish ko‘nikmalarini tekshirish maqsadida baholovchilarni jalb etib kelayotganiga qaramasdan, haligacha ushbu imtihonlarga jalb etilayotgan baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini aniqlash bo‘yicha birorta ham tadqiqot natijasini e’lon qilganicha yo‘q.

DTM tasarrufida kerakli treninglardan o‘tgan hamda yozish va gapirishni baholash mezonlarini bir xilda talqin qiladigan yetarli sondagi baholovchilar bormi? Baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini ta’minlash va nazorat qilish uchun qanday usullar qo‘llaniladi? Abituriyent uchun juda ham muhim bo‘lgan imtihonda baholashga bunchalik ko‘p odamni jalb qilishda xatari muqarrar bo‘lgan subektivizm va korrupsiya omillari qanday qilib minimallashtiriladi?

Til ko‘nikmalarini tekshirishda testlar sifati qanday ta’minlanadi?

Boshqa bir muhim masala. Tinglab tushunish va o‘qib tushunish uchun testlarni yaratishda abituriyentlar darajasiga mos keladigan autentik (asl, til egalari bo‘lgan mutaxassislar tomonidan yaratilgan) matnlar va audio materiallar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, matnlar abituriyentlar uchun notanish bo‘lishi kerak, aks holda test o‘z kuchini yo‘qotadi, chunki u til ko‘nikmalarini emas, balki xotirani sinaydigan bo‘lib qoladi. Imtihonlarda autentik matnlardan foydalanish uchun mualliflik huquqi egalaridan ruxsat olish kerak bo‘ladi — axir, davlat organining mualliflik huquqlari va O‘zbekiston ham ishtirokchisi bo‘lgan Bern konvensiyasi qoidalarini buzishi munosib ish emas-ku.

Bundan tashqari, matnlar va ular asosida tuzilgan test topshiriqlarining tekshiriladigan darajaga mosligiga ishonch hosil qilish uchun test topshiriqlari jiddiy aprobatsiyadan o‘tkazilishi, shuningdek, testlar natijalarining umumqabul qilingan xalqaro imtihonlar bilan korrelyatsiyasi (o‘zaro muvofiqligi — tarj.) bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak. Masalan, DTM ishlab chiqqan testining ingliz tilidan nutq ko‘nikmalarini CEFR xalqaro standarti bo‘yicha B2 darajasida tekshirishini iddao qilayotgan bo‘lsa, u holda ushbu testni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar IELTS, TOEFL yoki APTIS bo‘yicha ham xuddi shunday natijani qayd etishlari lozim. DTM ushbu vazifalarni sifatli bajara olishi uchun yetarlicha resurslarga egami?

Ijodiy imtihon o‘rniga sertifikat

Ko‘p sonli imtihon topshiruvchilarning nutq ko‘nikmalarini qisqa vaqt ichida sinab ko‘rishga urinish testlar sifati va natijalar ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Validlik va ishonchlilik talablariga javob bermaydigan test esa ta’lim tizimi uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishini hisobga olsak, muammoni hal qilish usullaridan biri — til bo‘yicha ijodiy imtihon o‘rniga DTM tomonidan beriladigan milliy sertifikat yoki Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tan olgan sertifikatlardan birini taqdim qilish talabini joriy etish mumkin.

Xuddi shunday talab magistraturaga topshirayotgan shaxslar uchun allaqachon o‘rnatilgan. To‘g‘ri, abituriyent sertifikatni olish uchun mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi, biroq, birinchidan, u tasdiqlangan ro‘yxatdan narxi va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘ziga mos imtihonni tanlashi mumkin, ikkinchidan, agar birinchi urinishdan kerakli ballni to‘play olmasa, qaytadan topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, agar abituriyent yuqori ball to‘plasa, davlat unga imtihondan o‘tish uchun to‘liq xarajatlarni qoplaydi.

Xorijiy tillar o‘qituvchilari attestatsiyasi: noto‘g‘ri fokus

Abituriyentlarning nutq ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishda yuzaga keladigan muammolar — testlarning validliligi va ularning tekshirilayotgan darajaga muvofiqligi, baholovchilarning ishonchliligi, ko‘p sonli imtihon topshiruvchilarning yozish va gapirish ko‘nikmalarini tekshirish uchun vaqt va resurslar, autentik matnlar topish va ulardan foydalanishga ruxsat olish — xorijiy tillar o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazishda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oldida ham muqarrar vujudga keladi.

Biroq attestatsiya bilan bog‘liq boshqa bir muammo ham bor. Tilni bilish va uni o‘rgatish boshqa-boshqa narsalar ekanligi haqida oldin ham yozgan edim. Pedagog chet tilini S2 darajasida (CEFR xalqaro standarti bo‘yicha eng yuqori daraja) bilishi mumkin, biroq uning sinf bilan ishlash, o‘quvchilarning bilim olish faoliyatini boshqarish, darsni oqilona tashkil etish, o‘quvchilar bilan qayta aloqani o‘rnatish qobiliyatlari bo‘lmasa, uning tilni bilishidan o‘quvchilarga foydasi kam bo‘ladi.

Bu vaziyatda inspeksiyani birinchi navbatda pedagogning sifati, pedagogik mahorati darajasi qiziqtirishi kerak, shunchaki mavhum «til bilishi» emas. Demak, urg‘uni tilni bilishni tekshirishdan pedagogik kompetensiyalarni tekshirishga yo‘naltirish zarur.

Darvoqe, xuddi shu holat boshqa fanlar uchun ham to‘g‘ri keladi — fizikani Eynshteyn darajasida biladigan, ammo metodikani bilmaydigan mutaxassis maktab o‘quvchilariga ko‘p narsa bera olmaydi. Buning sababi — XXI asr maktab ta’limidagi asosiy paradigma — bilimlarni yetkazish (transmissiya pedagogikasi) emas, balki zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatli o‘z o‘rnini topish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va kompetensiyalarni shakllantirishdan iboratdir.

Pedagoglar attestatsiyasiga qaytsak. Bu yerda ham, mening fikrimcha, muammolar sababini hal qilish lozim, oqibatlarini emas. Xorijiy til o‘qituvchilari — xorijiy tilga ixtisoslashgan OTMlar bitiruvchilari va ular to‘rt yillik o‘qishi davomida xorijiy tilni asosiy fan sifatida o‘rganishgan.

OTM o‘z bitiruvchisiga davlat namunasidagi diplom berar ekan, uning o‘z mutaxassisligini bilishini tasdiqlaydi. Demak, bitiruvchiga filolog yoki xorijiy til o‘qituvchisi diplomi berilishidan avval uning xorijiy tilni yetarli darajada bilishiga ishonch hosil qilish zarur.

Bitiruvchiga diplom berishdan oldin xorijiy tilni bilish darajasi tekshirilsa, kelajakda xorijiy til o‘qituvchilari uchun xorijiy til kurslarini tashkil qilishga ham zarurat qolmaydi, ya’ni ularga OTMda to‘rt yil davomida o‘rganmagan narsasini bir necha hafta yoki oyda o‘rgatishga urinib o‘tirmaymiz.

Majburiy blok fanlarining ko‘paytirilishi: kirish testlari validliligiga navbatdagi zarba

Qarorning mavhum oqibatlarga olib keladigan eng munozarali bandi — OTMga kirishda majburiy fanlar blokiga xorijiy tilni ham qo‘shish taklifidir.

Birinchidan, abituriyentlar soni har yili bir millionga yetishi yoki undan ham oshishini hisobga olsak, bunchalik ko‘p sonli kishilarning nutq ko‘nikmalarini (tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish, gapirish) qisqa vaqt ichida sinab ko‘rishning imkoni yo‘q. Xorijiy til bo‘yicha blok hozirgidek grammatik qoidalarni bilish va qisman o‘qish qobiliyatlari bo‘yicha topshiriqlardan iborat bo‘lsa, u holda haqiqatan ham qisqa vaqt ichida ommaviy ravishda tekshirish mumkin bo‘ladi, biroq bunday test valid bo‘lmaydi: u xorijiy tilini bilishning haqiqiy darajasini ko‘rsatmaydi.

Ikkinchidan, OTMga kirishda abituriyentlar allaqachon beshta: uchta majburiy (45ta test topshirig‘i) va ikkita mutaxassislik fanidan (60ta test topshirig‘i) test topshiradilar. Bunday tartibning reprezentativlik tamoyiliga javob bermasligi hamda asosiy maqsadi abituriyentning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga tayyorgarlik darajasini tekshirish bo‘lgan testning validliligini oshirmasligi haqida yozgan edim.

Fanlar sonini oltitaga oshirish topshiriqlarning umumiy sonini oshirish va test topshirish vaqtini uzaytirish yoki boshqa fanlar bo‘yicha topshiriqlar sonini qisqartirishni taqozo qiladi, bu esa reprezentativlik va validlik bilan bog‘liq vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Uchinchidan, majburiy va ixtisoslik fanlari o‘rtasidagi nomutanosiblik (to‘rtta majburiy fan va ikkita ixtisoslik fani) kirish testlarining o‘zining asosiy vazifasi — tanlangan mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga tayyor bo‘lgan abituriyentlarni saralash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. OTMga o‘z mutaxassisligining asosini tashkil etuvchi fanlarni yaxshi biladigan abituriyent kerak. Masalan, qishloq vrachlik punktiga odamlarni davolagani boradigan bo‘lg‘usi shifokor uchun xorijiy tildagi artikl va sifatdoshlarni ajrata bilishdan ko‘ra biologiya va kimyo fanlarini bilish ancha zarurroq.

Umuman olganda, barcha maktab fanlari bolaning umumiy rivojlanishi uchun muhimdir va kelajakda majburiy blokni kengaytirish, unga maktab dasturidan yanada ko‘proq fanlarni kiritish vasvasasiga qarshi turish qiyin bo‘ladi. Savodli mutaxassis nima uchun aynan uning fani abituriyent uchun hayotiy muhim ekanini isbotlash uchun bir dunyo sabablarni keltira oladi.

Maktab o‘quvchisining bilim darajasi davlat standartlariga muvofiqligi u maktab attestatini olgunga qadar tekshirilishi kerak, OTMga kirishda emas. Bolani, ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchisini imtihonlar yoki baholar bilan qo‘rqitib o‘qishga majburlash — ta’limning eng yaxshi usuli emas. Pedagogikada tashqi (ekstrinzik) motivatsiya deb ataladigan bunday motivatsiya usuli kerakli natijani bermasligi mumkin.

OTMga kirish — eng katta sovg‘ami?

Endi OTMga kirish qoidalariga o‘zgartishlar kiritayotgan ikkinchi hujjatni ko‘rib chiqamiz. Bu — prezidentning «„Zakovat“» intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroridir. Hujjatga muvofiq, intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga (OTM, magistratura) bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

«Zakovat» (Rossiyadagi «Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yinining analogi), bu — umumiy eruditsiya va zukkolikka asoslangan jamoaviy intellektual o‘yin. Bir daqiqa ichida olti o‘yinchidan iborat jamoaning «kollektiv» ongi assotsiatsiyaviy fikrlashdan foydalangan holda, muhokamalar yo‘li bilan savollarga javob topishi kerak va ularga beriladigan savollar odatda, qaysidir sohada maxsus, chuqur bilimlarni talab qilmaydi.

OTMga kirish testlari esa, bu — alohida olingan abituriyentda tanlangan mutaxassislik bo‘yicha kelgusidagi o‘qishi uchun zarur bo‘lgan maxsus bilim va ko‘nikmalarning mavjudligini tekshirishdir.

Ya’ni, umumiy zukkolikka asoslangan jamoaviy intellektual o‘yin bilan ma’lum bir soha (sohalar) bo‘yicha bilimlarni individual tekshirish bir-biriga qarama-qarshi tushunchalardir. Abituriyentni universitetga bunday yo‘l bilan, hatto to‘lov-kontraktga bo‘lsa ham, qabul qilish — masalan, dutor chalish ko‘nikmasini baholab tibbiyot oliygohiga yoki tayoq bilan sakrash qobiliyati orqali yuridik OTMga qabul qilish singari, — bo‘lg‘usi mutaxassislarning sifati borasida o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mmkin.

Shuningdek, «Nima? Qayerda? Qachon?» yo‘nalishidagi o‘yinlarni kuzatib boradigan har kim o‘yinda omadning qanchalar muhim ekanligini yaxshi biladi — u yoki bu hisobda jamoaga qanday savol tushishi ko‘p narsani hal qiladi, axir savollarning murakkablik darajasi har xil-ku. «Nima? Qayerda? Qachon?» boshlovchisi Boris Kryuk bekorga o‘yinda ko‘p narsa volchokka (aylanib, qaysi savol tushishini hal qiladigan moslama) bog‘liqligini ko‘p takrorlamaydi. Abituriyentlarni saralashga qaratilgan testlar esa tasodifiy omad va turli imtihon topshiruvchilarga har xil darajada savollar tushishini istisno qiladigan testologiya tamoyillariga asoslangan bo‘lishi kerak.

Magistratura — shunchaki oliy ta’limning navbatdagi bosqichi emas, u ilm-fan va ilmiy izlanishlar sari qadamdir. Magistraturaga o‘qishga kirayotgan mutaxassis o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlardan tashqari, o‘z dissertatsiyasi doirasida o‘rganishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida ham aniq tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Qanday qilib «Zakovat» o‘yinidagi g‘alaba bo‘lg‘usi tadqiqotchini aniqlab berishi mumkin?

Nazarimda, OTMga kirishni imkoniyat tug‘ilishi bilan o‘ngu so‘lga tarqatish mumkin bo‘lgan sovg‘a sifatida ko‘rishni bas qilish kerak. Bunday munosabat bo‘lajak mutaxassislarning sifatiga ham, oliy ta’limning nufuziga ham ijobiy ta’sir qilmaydi.

Umid qilamanki, qabul qilib bo‘lingan qarorlarni to‘g‘rilash uchun siyosiy iroda topiladi, kelgusida esa muayyan soha uchun muhim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari imzolash uchun stolga qo‘yilishdan avval umumiy muhokamaga qo‘yiladi va ular bo‘yicha mutaxassislarning fikrlari inobatga olinadi. Imtihonlar xayolga kelgan tajribani qo‘llab ko‘rish uchun maydoncha emas, balki ilmiy, puxta o‘ylangan yondashuvni talab qiladigan sohadir.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.