Adliya vazirligi 24 yanvar kuni Helvetas Swiss Intercooperation`ning O‘zbekistondagi filialini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tashkilot 1955 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish uchun tashkil etilgan. Hozirgi kunda 32 mamlakatda aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi.

Tashkilotning asosiy maqsadi — aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami sharoitlari va turmush sifatini yaxshilashga ko‘maklashish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, shuningdek davlat organlari va muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunar ta’limi tizimini takomillashtirish va innovatsiyalarni rivojlantirishga hissa qo‘shish va boshqalardan iborat.

Tashkilot mamlakat ta’lim tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda professional ta’lim tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash» loyihasini 2021−2025 yillar davomida amalga oshirishni rejalashtirgan. Mazkur loyiha budjeti 4,8 mln frankni ($5,26 mln) tashkil etadi.