Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qarshi davlat universiteti hududidagi 38 tup daraxt noqonuniy kesilganini tasdiqladi. Avvalroq, jurnalist Xurshid Daliyev kesilgan daraxtlar suratlarini e’lon qilingan edi.

Xabarda aytilishicha, universitet daraxtlarni kesish uchun ruxsat so‘rab viloyat ekologiya boshqarmasiga uch marta murojaat qilgan va uch marta rad javobini olgan.

«Huquqbuzarlikka aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan. Huquqbuzarlik natijasida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 267 mln 543 ming so‘mni tashkil etadi», — deyiladi qo‘mita xabarida. Ish materiallari huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Misol tariqasida, yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi «dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan», — deb ma’lum qilgan edi.