O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev (21−0, 19 KO) faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. Bu haqda u 24 yanvar kuni Instagram-sahifasida yozdi.

«Uzoq vaqt uyda bo‘lmadim va otam mendan uyga kelishimni so‘radi. Otam bilan juda ham ko‘p suhbatlashdik, oz bo‘lsa ham bosib otgan yo‘llarimizni yodga oldik. Men 29 yoshdaman va bugun birinchi marotaba otam sportdagi faoliyatimni yakunlashimni so‘radi. Hamma narsaning boshi va oxiri bo‘lganiday, sport ham abadiy emas», — deya ma’lum qildi 29 yoshli sportchi.

Shohjahon Ergashev «o‘z hayotining yangi sahifasini ochayotganini» ma’lum qildi.

«Boksni butkul tashlamayman va bir kuni yana ringda bo‘lsam, faqatgina o‘zim uchun ringda bo‘laman. O‘zimni yangi sohada sinab ko‘raman,ammo bu sport sohasi emas», — deb yozdi u.

Shohjahon Ergashev oxirgi marta 12 dekabr kuni ringga chiqib, 40 yoshli tailandlik Aekkauye Kaumaneni birinchi raunddayoq nokautga uchratgan edi. Boks kechasini Shohjahon Ergashevning o‘zi tashkil qildi. Wrestlingua nashri promouter Dmitriy Salita (Salita Boxing) bilan mojaro tufayli bokschining o‘zi bunday shoularni o‘tkazishga majbur bo‘lganini taxmin qildi.

Mojaroning mavjudligini sportchining o‘zi Instagram`dagi posti bilan tasdiqlagan edi.

«Salita_promotions, bo‘lar endi, keling tezlashaylik va o‘z qobiliyatlarimni butun dunyoga ko‘rsatishim uchun kelishib olaylik. Ishonchim komilki, siz mening salohiyatimni bilasiz. Otam mendan borgan sari Chempionlik kamarini tezlashtirishimni talab qilmoqda. Bilasizmi, otamning so‘zi qonun, uning tilaklari mening ustuvorligimdir. Xo‘sh, kelishamizmi?» — deb yozdi u 18 yanvar kuni.

Foto: shohjahonergashev_official / Instagram.

O‘tgan yilning sentabrida esa Shohjahon Ergashev Sankt-Peterburgda (Rossiya) «Nokaut qirollari V: G‘azab mushti» shousining bosh tadbirida chiqish qilishi kerak edi. Dmitriy Salita istiqbolli janglar uchun eksklyuziv huquqlarga ega ekanligini ta’kidladi, ammo u Sankt-Peterburgdagi jang haqida hech narsa bilmagan. Shu sababli, promouter darhol sudga murojaat qildi va bokschiga Rossiyadagi shouda qatnashish taqiqlashga erishdi.

Promouterning ma’lum qilishicha, u noyabrda NBC telekanalidagi yangi Ring City shousida bokschining ishtiroki bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Aynan shu sababdan u zudlik bilan bokschi va uning menejeri Oleg Bogdanov tomonidan shartnoma shartlarining buzilishiga munosabat bildirgan.

Shohjahon Ergashev o‘zining professional karerasi davomida 21 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozondi, 19 ta jangni esa nokaut bilan yakunladi. 2021 yil dekabri holatiga ko‘ra, u IBF/USBA reytingida 4-, WBA reytingida 10- va WBO reytingida 11-o‘rinni egallab turibdi.