Toshkentda mashinaga o‘q uzilgan holat ishtirokchilariga 15 sutkalik qamoq jazosi berildi. Bu haqda UzReport TV telekanali xabar berdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 20 yanvar kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida Spark haydovchisi yo‘l o‘rtasida mashinadan tushib, «VAZ-2199» rusumli avtomashinaning g‘ildiragini tepib, so‘ng to‘pponchadan mashinaga qarata o‘q uzgani haqida xabar bergan edi.

O‘sha kuni kechqurun Toshkent shahar IIBB mojaro tanishlar, 32 yoshli Z.S. (pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzgan) va 37 yoshli G. A. o‘rtasida bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, o‘q otilgan vosita sport pnevmatik quroli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qonunga ko‘ra, u faqat sport maydonchasida qo‘llanishi belgilangan.

21 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mizo Ulug‘bek tuman sudida o‘tgan sud jarayonida ikkala shaxs ham aybiga iqror bo‘lgan va aybidan pushaymonligini aytgan.

Sud ikkala fuqaroni ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan qonunbuzarlikni sodir etgani uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.