Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan 23 yanvar kuni iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Bayonot uning saytida e’lon qilindi.

Armen Sarkisyan 2018 yilning bahorida Armanistonning to‘rtinchi prezidenti bo‘lgan edi. Ma’lumoti bo‘yicha fizik, Armanistonning turli mamlakatlardagi elchisi, 1996−1997 yillarda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan.

«Bizda paradoksal vaziyat yuzaga keldi, chunki prezident davlatchilikning kafolati bo‘lishga majbur bo‘ladi, aslida hech qanday vosita yo‘q. Konstitutsiya, shuningdek, bir institutning boshqasidan ustunligini nazarda tutadi, taniqli diaspora mutaxassislarining tarixiy Vatanning davlat institutlarini boshqarishda ishtirok etishi uchun to‘siqlar yaratadi va hokazo», — dedi Armen Sarkisyan.

«Biz — ko‘rinishidan parlament respublikasimiz, ammo mohiyatda unday emas. Taklifimning mazmuni va maqsadi boshqaruvning bir shaklidan boshqasiga (parlamentdan yarim prezidentlikka yoki prezidentlikka) o‘tish emas, balki o‘zaro tiyib turish va muvozanatga asoslangan davlat tizimini yaratish edi. Busiz muhim yutuqlar haqida gapirish qiyin, chunki taraqqiyot va muvaffaqiyatga faqat bashorat qilinadigan va o‘zaro muvofiq tizimda erishish mumkin», — dedi u.

U konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha komissiya ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirishga qodir bo‘lishiga, «keyingi prezident va prezidentlik instituti yanada muvozanatli va tizimlashtirilgan muhitda ishlay olishiga» umid bildirdi.

«Men juda uzoq o‘yladim va to‘rt yilga yaqin faol ishlaganimdan so‘ng respublika prezidenti lavozimidan ketishga qaror qildim. Bu qaror mutlaqo hissiy emas va ma’lum bir mantiqdan kelib chiqadi. Mamlakatimiz va millatimiz uchun hozirgi murakkab davrda ichki va tashqi siyosatning fundamental jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish uchun prezident zarur vositalarga ega emas. Davlatimiz uchun milliy birlik zarur bo‘lgan ushbu og‘ir pallada prezident instituti jamoatchilik e’tiborini eng muhim muammolardan chalg‘itgan holda g‘iybat va fitna nazariyasi nishoniga aylanib qolmasligi kerak», — dedi Armen Sarkisyan.

«Bugun har qachongidan ham mazmunli, teran o‘ylangan, mutanosib va mazmunli harakatlar zarur. Aks holda, biz, butun dunyo armanlari, o‘z missiyamizning maqsadlariga erisha olmaymiz va tarixning bir chekkasida qolib ketamiz. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q», — deya xulosa qildi u.