Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Feruza dahasi «Kamolot» mahallasidagi beshta uy aholisi o‘z uylarining hovlisidagi mo‘’jaz daraxtzor o‘rnida ko‘p qavatli uy qurilishiga qarshi chiqmoqda. 22 yanvar kuni tarqatilgan videomurojaatda ular vaziyatga ta’sir o‘tkazishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun miting o‘tkazishga ruxsat so‘rab mahalliy hokimiyatga murojaat qilishga majbur bo‘lganliklarini aytishgan.

Foto: Ravshan Abdullayev / Facebook.

Aholining ma’lumotlariga ko‘ra, 1970−80-yillarda ekilgan daraxtlar o‘sib turgan, bolalar maydonchasi ham mavjud 8, 10, 30, 31 va 32-uylar oralig‘ida turar joy binosi yoki mehmonxona qurish rejalashtirilgan.

«Quruvchi qurilish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni o‘tgan kuni oldi. Devor o‘rnatishga urinish bo‘ldi. Undan oldin sudga, hokimlikka murojaat qildik, ariza berish mumkin bo‘lgan barcha instansiyalarga murojaat qildik, — dedi „Kamolot“ mahallasi faollaridan biri Darya Dyatlova videomurojaatda. — Biz hatto quruvchiga berilgan ruxsatnomalar bo‘yicha deputatlik so‘rovini ham qildik. Hamma joyda javob berish uzoq kechiktirilmoqda. Aksariyat hollarda bizni aholi sifatida shunchaki e’tiborsiz qoldirishmoqda, qurilishga nisbatan qarshi fikrlarimiz ham bee’tibor qolmoqda».

U fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qoldirilayotgan munosabati bilan aholida rasman miting o‘tkazishga ruxsat surab murojaat qilishdan boshqa chiqish yo‘li qolmayotganini ma’lum qildi.

«Bugun biz bu yerga quyidagilarni aytish uchun yig‘ilishga qaror qildik: agar bizga nisbatan, aholiga nisbatan, biz esa bu yerda kamchilik emasmiz — beshta uyda yashovchilar, — xuddi shunday siyosat davom etadigan bo‘lsa… shunday bir hissiyot borki, go‘yoki hamma kar va bu yerda hech kim yashamaydi — bu yerda bolalarimiz yo‘q, bu yerda keksalarimiz yo‘q, bu yerda o‘zining kuchi, asablari, hayotini shu uylarga, kvartiralarga tikkan odamlar yo‘qdek. Biz aholi nomidan rasman murojaat qilamiz, biz hammamiz bu yerda emasmiz, lekin biz yig‘ilishni va tegishli tuzilmalardan rasmiy miting o‘tkazish uchun ruxsat so‘rashni rejalashtirmoqdamiz va xohlaymiz. Biz yig‘ilib, o‘z nuqtai nazarimizni bildirmoqchimiz. O‘ylaymizki, harholda, odamlarga bunday munosabatda bo‘lish mumkinmasdir», — dedi faol.

Uylardan birida istiqomat qiluvchi Ravshan Abdullayevning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Feruza dahasidagi bolalar maydonchasi va dam olish hududini o‘z ichiga olgan 0,12 gektarlik maydon xabardor qilinmasdan va aholi bilan kelishuvsiz kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.

2020 yil 19 avgustdagi kim oshdi savdosi yakunlari bo‘yicha bayonnomaga ko‘ra, besh qavatdan oshmaydigan turar-joy binosi, ma’muriy ofis yoki mehmonxona qurish uchun lotni yer uchastkasiga 1,22 mlrd so‘m taklif qilgan (boshlang‘ich bahosi 871,5 mln so‘m) Premium Engineering Group yutib olgan. Shu bilan birga, kompaniya 6 mlrd so‘m sarmoya kiritishni ham o‘z zimmasiga olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchi ko‘plab ruxsat beruvchi hujjatlarni taqdim etgan, faqat bittasidan tashqari — qurilishga qarshi chiqayotgan aholining roziligi. U, shuningdek, daraxtlarni kesishga moratoriyni esga oldi.

«Toshkent» telekanalining «Munosabat» ko‘rsatuvida Darya Dyatlova shaharsozlik me’yor va qoidalariga tayanib, qurib bitkazilgan mikrorayondagi ko‘p qavatli uylar orasiga obyektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi.

«Gap ushbu uchastka ostida kommunikaatsiyalarning bor yoki yo‘qligida emas. Masala boshqa yoqda: bizning kommunikatsiyalarimiz bor, uylarimiz esa bugun zo‘rg‘a nafas olmoqda. Biz bu uylarda hamma narsani o‘z kuchimiz bilan qilamiz. Siz suqilib kirishni xohlayotgan maydoncha, prinsipial masala ko‘tariladigan bo‘lsa, uni ham o‘z kuchlarimiz bilan uni obodonlashtiramiz», — dedi u.

Ravshan Abdullayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 23 yanvar kuni ochiq murojaatning ertasiga huquq-tartibot idoralari vakillari aholi bilan uchrashgan. Aholi ularga o‘z talablarini ma’lum qilib, hududda har qanday qurilish loyihasi va rejalarini bekor qilishni talab qilishdi.

Hokimlik aholini javobgarlik haqida ogohlantirishga qaror qildi

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati o‘zining rasmiy videosharhida hokimlik tadbirkorga yer ajratish huquqiga ega emasligini ta’kidladi.

Videoda ma’muriyat tadbirkor va aholini muloqotga chaqirib, miting tashkil qilish yoki uni o‘tkazishga chaqirganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tgan. Biroq aholi murojaatida miting o‘tkazishga chaqiriq bo‘lmagan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasida shunday deyiladi: «Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega».

O‘zbekistonda mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazish to‘g‘risida qonun yoki boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar mavjud emas. Bu haqdagi qonun loyihalari ikki marta — 2019 yil iyun va 2020 yil avgustda e’lon qilingan. O‘shanda avgust oyida Ichki ishlar vazirligi yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar tushunchalarini, ularni tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilovchi hujjatning yo‘qligi «huquqiy bo‘shliq» ekanligini va «Konstitutsiyaning 33-moddasida ko‘rsatilgan qoidalarni to‘laqonli tatbiq etishga imkon bermasligini» tan oldi. Qonun haligacha qabul qilinmagan.

Mahalla raisi Bektemir Qo‘yliyev tuman hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida aholining internet orqali aholiga murojaat qilishini noto‘g‘ri deb atadi.

Shu bilan birga, u quyidagicha tan oldi: «Endi, aholi orasida norozilik bor. Aytishlaricha, bu yerda uy qurish, hududni o‘rab olish rejalashtirilgan. Lekin hech kim bizga hujjatlarni bermadi. Bizning bitta maqsadimiz bor — bu yerda hech kimning aholining ruxsatisiz hech narsa qilishga haqqi yo‘q».

Mahalla rahbari 2021 yilda mazkur hududga quruvchi vakillari tashrif buyurib, besh qavatli uy qurish rejalari haqida ma’lumot bergani, lekin hech qanday hujjat taqdim etmaganini aytdi. U kompaniyani aholi bilan uchrashish, barcha kerakli hujjatlarni taqdim etish va loyihani muhokama qilishga taklif qildi, biroq «o‘shandan beri ular qaytib kelishmagan».

«Hokimiyat yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlarini bekor qilmas ekan, muammolar tugamaydi»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev aholi o‘z muammosi bilan ko‘plab instansiyalarga murojaat qilganini tasdiqladi.

«Afsuski mas’ullar odamlarni eshitmadi. Aholi ko‘p idoralarga murojaat qildi. Befoyda. Oxiri ular tinch yo‘l bilan miting o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. Maqsad — mas’ullarni uyg‘otish! Endi tuman hokimiyati uyg‘onib, mahalla raisi orqali aholini qo‘rqitmoqchi», — deb yozdi u.

«Qiziq: hokimiyat aholi nima uchun bunga majbur bo‘lganini tushundimikan? Shahar hokimiyati daraxtlar joylashgan yerlarni qurilishga berish bo‘yicha barcha qarorlarini bekor qilmas ekan, bunday muammolar tugamaydi. Hukumat esa moratoriyni esdan chiqarmasligi lozim!» — deya ta’kidladi parlamentariy (prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi).

Premium Engineering Group kompaniyasi haqida

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Premium Engineering Group kompaniyasi 2014 yilning 28 fevralida ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — boshqa toifalarga kiritilmagan tashishlarda boshqa hamroh xizmatlar. Ta’sischilar sifatida Bernet Ltd (98,5%), Korsal Invest (0,1%), Adxam Arabdjanovich Maxkamov (1,4%) va Salima Raxmatovna Kurbonova (1,4%) ko‘rsatilgan.

Londonda ro‘yxatga olingan Bernet saytida aytilishicha, bu «2007 yildan buyon O‘zbekiston va yaqin xorij davlatlari hududida faoliyat yuritayotgan ko‘p profilli qurilish tashkilotidir».

«Gazeta.uz» maqolani e’lon qilish vaqtida izoh olish uchun Premium Engineering Group kompaniyasi bilan bog‘lana olmadi.