Qonunchilik palatasi fraksiyalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi tahrirda ko‘rib chiqishmoqda. Bu haqda quyi palata deputati Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Deputatning ma’lum qilishicha, kodeksning nomi uning tartibga solish predmeti va xorijiy tajribadan kelib chiqib «Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks» deb o‘zgartirilmoqda.

Kodeksning yangi tahririda amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan yoki fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan 33 ta ma’muriy huquqbuzarliklar (transportdan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish, shartnoma intizomini buzish, avtomat telefonlarni shikastlantirish va boshqalar) kodeksdan chiqarib tashlanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 12 ta yangi turdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda (piyoda va boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘l bermaslik, elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish tartibini buzish va boshqalar).

Xalqaro ekspertlar, jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lgan va ma’muriy javobgarlik orqali ta’sir ko‘rsatish samarasiz hisoblangan 3 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksdan chiqarilib, ularni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda:

  • NTTning yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
  • davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
  • davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi.

Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish jazosi ma’muriy jazo tizimidan chiqariladi.

Deputatning ta’kidlashicha, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish ko‘zlanmoqda.

Yangi kodeksga oldin mavjud bo‘lmagan isbot qilish, dalillar taqdim etish, xolislar, ekspertiza tayinlash, sud majlisini videokonferensiya tarzida o‘tkazishga oid yangi tartiblar kiritiladi.

Shuningdek, korrupsiya holatlariga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish maqsadida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida naqd pulda jarima undirish tartibi bekor qilinadi.

Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida tayinlangan ma’muriy jazo choralarini almashtirish tartibi belgidanadi.

Amaldagi jazolarni liberallashtirish maqsadida, qat’iy ma’muriy jarimalar qayta ko‘rib chiqilib, ularning minimal va maksimal miqdorini belgilash orqali jarimalar pasaytiriladi.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonunchilikning har bir prinsipi mazmuni ochib beriladi. «Masalan, hech bir shaxs bitta ma’muriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi haqidagi qoida belgilanmoqda», — deb yozadi Kusherbayev.

Uning ta’kidlashicha, yangi kodeksda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda huquqiy jihatdan tartibga solinmagan ko‘plab muammoli masalalarning yechimi nazarda tutilmoqda. Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda rad qilish asoslari va tartibi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilingan qarorga nisbatan qo‘yiladigan talablar va boshqa huquqni qo‘llash amaliyotidagi masalalarga oid qoidalar kiritiladi.

Fuqarolarning ortiqcha ovvoragarchiligining oldini olish maqsadida ma’muriy huquqbuzarliklarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.

Deputatning ta’kidlashicha, yangi loyiha kodeksi 600 ga yaqin moddadan iborat bo‘ladi. Ma’lumot uchun, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1995 yilda qabul qilingan va u 348 moddadan iborat.