21 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisining qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Sayfullayevich Mustafoyev lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimda 2019 yilning 24 iyunidan beri ishlab kelayotgandi.

Uning o‘rniga Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori Rustam Cho‘liyevich Sherov jamiyat raisiga o‘rinbosar bo‘ldi.

«Prezident tomonidan neft va gaz sohasini isloh qilish, transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan hamda ijrosini ta’minlashda tizim ayrim bo‘g‘inlarida uzilishlar bo‘layotgani, buning uchun kadrlar almashinuvini amalga oshirish zaruriyati paydo bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Rustam Sherov 1978 yili Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tug‘ilgan. U neft va gaz sohasidagi faoliyatini 2002 yilda «Muborakneftgaz» UKda geologlikdan boshlagan.

«O‘zgeoburg‘uneftgazqazibchiqarish» AJda turli lavozimlarda, «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJda Boshqaruvi rais lavozimida faoliyat yuritgan.

Ta’kidlanishicha, raisning qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirishga, yangi neft va gaz inshootlarini foydalanishga topshirishni tezlashtirishga, jarayonlarni intensivlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga va zamonaviy rivojlanish usullariga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirishga mas’uldir.