«Sabriya» milliy serialidagi nomaqbul sahna ko‘rinishlari ortidan Sevimli telekanali bosh direktori va bosh muharriri ishdan bo‘shatildi, kuzatuv kengashiga esa vaqtincha Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ekspertiza tayinladi. «Gazeta.uz» vaziyatni o‘rgandi.

Serial haqida

«Sabriya» — rejissyor Nasiba Tursunovaning debyut ishi. Teleserial 16 yoshli Sabriya ismli qiz haqida hikoya qiladi. «Sabriya va uning yigitining uyatli qilmishidan so‘ng, otasi uni 60 yoshli erkakka ikkinchi xotin qilib berishdan boshqa chorasi qolmadi», — deyiladi IMDB portalidagi serial tavsifida. Drama Sabriya va uning oilasi taqdiri orqali jamiyat muammolarini ko‘rsatishga harakat qiladi.

Ssenariy muallifi — O‘tkirbek Qahhorov. Bosh rollarda Shirinbonu Sotvoldiyeva, Jahongir Abdumo‘minovich, Fathulla Ma’sudov, Nasiba Tursunova va Gulxumor Abdullayeva. Sevimli TV serialni 2021 yil 30 noyabrda namoyish qila boshlagan.

Serialning 32-seriyasidagi lavha.

Ijtimoiy tarmoqlarda serialda nomaqbul sahnalar borligi haqidagi tanqidlar paydo bo‘lgach, 18 yanvar kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vaziyatni o‘rganishga kirishgani va ekspertiza tayinlaganini ma’lum qildi.

Sevimli TV telekanalidagi ishdan bo‘shatishlar

20 yanvar kuni Sevimli telekanali ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unga Firdavs Abduxoliqov ham taklif etildi. Muassislarning qarori bilan telekanal bosh direktori vazifasini bajaruvchi Abduvohid Xo‘jayev va bosh muharrir Qahramon Saydaliyev egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Jaloliddin Safoyev. Foto: EOAVMA.

Telekanal bosh direktori lavozimiga avval Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (EOAVMA) bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Jaloliddin Safoyev tayinlandi. U, shuningdek, Firdavs Abduxoliqovning EOAVMA Kuzatuv kengashidagi o‘rinbosari bo‘lgan. Firdavs Abduholiqovning o‘zi esa telekanal kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi.

«Biz telekanal muxlislari va jamoatchilikdan uzr so‘raymiz va kelgusida yangi tayinlangan bosh direktor, nafaqat seriallar, qolaversa, barcha media mahsulotlarning g‘oyaviy-badiiy jihatlariga mas’ul ekanligini uqtirgan holda, barcha chora- tadbirlarni ishlab chiqishi zarur», — deya uning so‘zlarini keltirib o‘tdi O‘zA.

Komil Allamjonovning munosabati

Shu kuni kechroq Firdavs Abduholiqovning so‘zlariga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi va Milliy TV telekanali ta’sischisi (66,7%) Komil Allamjonov munosabat bildirdi.

«Shu masalani uyda kelishib olsangiz bo‘lmaydimi? «Qalampir.uz»ning yozishicha «Sevimli» kanali qizingiz va o‘g‘lingizga ham tegishli, seriallarning davlat mablag‘lari evaziga asosiy buyurtmachisi esa o‘zingiz, kinolar sifatiga ham asosiy mas’ul o‘zingiz bo‘lsangiz», — dedi u.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Master Media Production And Broadcast kompaniyasi (Sevimli telekanaliga egalik qiladi) 2014 yilning aprelida ro‘yxatdan o‘tgan. Ta’sischilar sifatida Firuza Sadridinovna Sharapova (70%), Amira Firdavsovna Rashidova (20%) va Abdullajon Firdavsovich Abduxalikov (10%) ko‘rsatilgan.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi

Firdavs Abduxoliqov endilikda bir vaqtning o‘zida ham Kinematografiya agentligi, ham uning qizi va o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli kuzatuv kengashini boshqaradi. Bu holat telekanal davlat buyurtmasi asosida filmlar suratga olishida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.

Kinematografiya agentligi matbuot xizmati «Sabriya» va «Daydi kizning daftari» seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini ma’lum qildi. Avvalroq Sevimli agentlik bilan hamkorlikda «Orzular palatasi», «Ona zamin» va «Tuzoq» seriallarini suratga olgan edi.

O‘zbekiston prezidenti 7 aprel kuni Kinematografiya agentligi buyurtmasi bo‘yicha filmlar ishlab chiqarish va respublika telekanallari tomonidan seriallar yaratishni subsidiyalash tartibini belgilash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi (yiliga 12 mlrd so‘m).

O‘zbekiston hududida badiiy va hujjatli filmlar, seriallar, multfilmlar va teledasturlar yaratish xarajatlarining (chegirmalarining) bir qismi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Hujjatda mazkur kompensatsiyalarni tayinlash tartibi (yiliga 20 mlrd so‘m) belgilab berilgan.

2022 yilgi davlat budjetida davlat buyurtmasi asosida milliy kinomahsulotlar yaratishga 90 mlrd so‘m sarflash ko‘zda tutilgan.

«Gazeta.uz» avvalroq «Sabriya» seriali bilan bog‘liq holat yuzasidan Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Sevimli telekanali rahbari Amira Rashidova va Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov munosabatini e’lon qilgan edi.