Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va Sevimli telekanali rahbariyati afillanganligini tekshiradi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga agentlik matbuot kotibi Durdona Ochilova xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi, davlat xaridlari, shuningdek, subsidiyalar ajratishda ehtimoliy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha o‘rganish va surishtiruvlar olib borilmoqda».

Payshanba kuni Sevimli telekanali ta’sischilarining qarori bilan telekanal bosh direktori vazifasini bajaruvchi Abduvohid Xo‘jayev va bosh muharrir Qahramon Saydaliyev egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Bu AOKA «Sabriya» teleserialiga ekspertiza tayinlashi ortidan sodir bo‘ldi.

Firdavs Abduholiqovning o‘zi esa telekanal kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi. «Gazeta.uz» bu holat telekanal davlat buyurtmasi asosida filmlar suratga olishida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. Sababi Sevimli telekanali ta’sischilari uning qizi va o‘g‘li (Amira Rashidova — 20%, Abdullajon Abduxoliqov — 10%) hisoblanadi.

Kinematografiya agentligi matbuot xizmati Sevimli telekanalida namoyish etilgan «Sabriya» va «Daydi qizning daftari» seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini ma’lum qildi. Telekanal agentlik bilan hamkorlikda «Orzular palatasi», «Ona zamin» va «Tuzok» seriallarini suratga olgan.