21 yanvar, bugun O‘zbekiston hududining katta qismida quyoshli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Kaspiy dengizidan siklon kirib kelishi natijasida respublikaning shimolida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi, Qoraqalpog‘istonda, Surxondaryo viloyatida kechga tomon biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +7…+12 daraja, shimolda −3…+2 daraja atrofida bo‘ladi.

22 yanvar, shanba kuni sovuq antitsiklon respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. O‘zbekistonda bulutli va sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, respublika bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi. Tog‘li hududlarda qor yog‘adi, harorat kunduzi 0…+5 darajadan oshmaydi.

Shuningdek, 21−22 yanvar kunlari sovuq front o‘tishida respublika bo‘yicha shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

23 yanvar, yakshanba kuni esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Faqat respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida biroz yog‘ingarchilik saqlanib turishi mumkin. Kechasi sovuq kuchayadi va harorat 0…-5 daraja, shimolda esa −5…−10 darajagacha bo‘lishi mumkin. Kunduzi esa havo harorati +3…+8 daraja iliqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, dam olish kunlari tuman tushishi va ko‘rinuvchanlik yomonlashishi mumkin. 21−23 yanvarda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.