Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida hukumatning O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarini liberallashtirish bo‘yicha rejalariga munosabat bildirdi.

Noyabr oyida «Gazeta.uz» hukumatning budjet xulosasiga tayanib, 2022 yilda tariflarni (elektr, gaz, issiq suv va issiqlik ta’minoti, sovuq suv va kanalizatsiya uchun) indeksatsiya qilish, ya’ni oshirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Hisob palatasining hisob-kitoblariga ko‘ra, energiya resurslari va kommunal xizmatlar uchun tariflar o‘rtacha 27 foizga oshishi mumkin. Xususan, elektr energiyasi narxi 33 foizga, gaz narxi 21 foizga, issiq suv va isitish tizimi 20 foizga, sovuq suv va kanalizatsiya narxi 34 foizga oshishi mumkin.

«Energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish — kun tartibimizdagi masala. Bu bo‘yicha hukumat har xil variantlarda ishlayapti. Albatta, bu narsadan o‘tishimiz kerak. To‘g‘ri tushunimiz kerak», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

MB rahbari O‘zbekistondagi vaziyatni Qozog‘istonda siqilgan gaz narxi oshishi norozilik va tartibsizliklarga olib kelgan holat bilan taqqoslash noto‘g‘ri bo‘lishini ma’lum qildi.

«Har bir mamlakat o‘zining iqtisodiy sharoitidan, iqtisodiy salohiyatidan, iqtisodiy reformalaridan kelib chiqqan holda bu vaziyatni belgilaydi. Shuning uchun bu — iqtisodiy islohotlarimizning bir bo‘lagi sifatida kun tartibimizda turgan masaladir», — deya ma’lum qildi u.

Hukumat 2020 yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chora keyinga qoldirildi. Markaziy bank iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy ssenariysida tartibga solinadigan narxlar (energetika resurslari, kommunal xizmatlar va boshqalar) 2022 yilda yoki 2022−2023 yillarda bosqichma-bosqich to‘liq erkinlashtirilishini kutgan edi.