Qirg‘iziston Energetika vazirligi va «Rosatom» atom energiyasi davlat korporatsiyasi kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Imzolash jarayoni 20 yanvar kuni Dubayda bo‘lib o‘tadigan EXPO 2020 jahon ko‘rgazmasi maydonida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Rosatom».

Qirg‘iziston energetika vaziri Doskul Bekmurzayev va «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev tomonidan imzolangan memorandum doirasida tomonlar Qirg‘iziston hududida RITM-200N reaktor stansiyasi negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Hujjatda, shuningdek, mamlakatga atom infratuzilmasini rivojlantirishda ko‘maklashish, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning turli yo‘nalishlarida ilmiy-texnikaviy kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish ham nazarda tutilgan.

«Dekarbonizatsiya va ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirish hozirgi global tendensiya bo‘lib, Qirg‘iziston ham undan ortda qolishni istamaydi. Ishonchimiz komilki, „Rosatom“ davlat korporatsiyasi bilan kelgusidagi hamkorlik mamlakatimiz energetikasi, iqtisodiyoti va sanoati rivojlanishi uchun yangi ufqlarni ochadi», — dedi Qirg‘iziston energetika vaziri o‘rinbosari Tilek Aytaliyev.

«Kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihalarini amalga oshirish „Rosatom“ davlat korporatsiyasining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, kelajakda dunyoning ko‘plab mamlakatlari energiya balansini sezilarli darajada o‘zgartiradi va yopiq elektr tizimlariga ega olis hududlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Qirg‘izistonda bunday atom elektr stansiyasining qurilishi nafaqat mamlakatning energetik mustaqilligiga hissa qo‘shadi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining hayot sifati va ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirishga ham ta’sir ko‘rsatadi», — dedi «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachev.

O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham atom elektr stansiyasini qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Atom elektr stansiyasini qurishdan tashqari, milliy infratuzilmani yaratish va atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi.

O‘zbekiston va «Rosatom» 2019 yil oxirigacha qurilish shartnomasini imzolashi va 2020 yil boshida ustuvor uchastka — Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li sohilida ishlarni boshlashi kerak edi. Biroq hozircha hujjat imzolangani haqida xabarlar yo‘q. O‘tgan yil oxirida Rossiya elchisi Oleg Malginov loyiha faol muhokama qilinayotgani haqida xabar berdi.

2019 yil bahorida Rossiya Qozog‘istonga atom elektr stansiyasini qurishni taklif qildi. O‘sha yilning yozida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev AES qurilishi hali rejalashtirilmagani, kerak bo‘lsa, bu masala referendum orqali xalq bilan muhokama qilinishini ma’lum qildi.