Toshkentda diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, Suriyaga ketishni rejalashtirgan ikki nafar maktab o‘quvchisi va bir nafar talaba aniqlandi.

Zamon informatsion dasturi reportajida qayd etilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan Oksford universitetining Toshkentdagi filiali talabasi va 2003 yilda tug‘ilgan Namangandagi maktablardan birining ikki o‘quvchisi Telegram`da kanal ochib, odamlarni jihod qilishga va Suriyada qiynalib yashayotganlarga yordam berishga undagan.

Ularning har biri ochgan kanalida 300 ga yaqin obunachini to‘plagan. Shuningdek, yaqin vaqtgacha ular Suriyadagi terroristik tashkilot safiga qo‘shilish va jihod qilish istagida bo‘lganligi aytilmoqda.

Buning uchun internetda topgan jihod amallarini bajarayotgan tanishidan Suriyaga borish tartibi va yo‘l-yo‘riqlarini o‘rganishgan. Bunda yoshlarning yonidan O‘zbekiston orqali Turkiyaga, u yerdan Suriyaga borish tartibi, chipta narxlari so‘ralgan yozishmalari topilgan.

«Ëshligim, ilmsizligim oqibatida shu narsani to‘g‘ri deb o‘ylaganman. G‘arazli maqsaddagi odamlarning gapiga aldanib qoldim… Asosan internetdan olar edim, kitoblar bo‘lmasdi. MP3 ma’ruzalarni YouTube va Telegram`dan qidirib topib, eshitardim. Shu narsa to‘g‘ri deb o‘ylaganman», — dedi o‘smirlardan biri.

Intervyuda ayblanuvchilardan biri ekstremistlar shaxsiy kanallari orqali targ‘ibot ishlarini olib borganini ta’kidladi. «Ularni shaxsiy kanallari bor, kanallari orqali o‘zlarini ishlari, profillarini provakatsiya, reklama qilib chiqishadi. Shu yerdan topdim… Qo‘lga olingan paytimdagi tushuntirishlardan so‘ng, qilgan ishlarim qanchalik xavfli ekanligini tushunib yetdim», — deya so‘zlab berdi u.

«Ular ayollarga yordam qilish, ularni qutqarish kerakligini aytardi. Bu yordam qandayligini bilmas edim. U haqida hali gapirishmagan edi… Terrorist kimligini to‘liq tushunib, anglab yetmagan edim», — dedi sudlanuvchilardin biri.

Sud hukmiga ko‘ra, yigtlardan biri 5 yil-u 6 oyga, qolgan ikki nafari esa 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 12 nafar ayol «Hizb ut-Tahrir» g‘oyalarini o‘rganishda gumon qilingan edi. Bundan tashqari, sentabr oyida ham Toshkentda mazkur terroristik tashkilotga a’zoligi gumon qilingan 12 kishi ushlangandi.