2024−2025 o‘quv yilidan boshlab OTMlarga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga chet tili fani bosqichma-bosqich kiritiladi. Bu haqda tegishli hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan bir qator OTMlarga kirish imtihonlarida chet tillaridan ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tadi.

DTM tomonidan amalga oshiriladigan ushbu kasbiy imtihonlar chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratiladi.

Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan quyidagi OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida chet tilidan ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.

Bundan tashqari, quyidagi OTMlarning xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun ham ijodiy imtihonlar joriy qilinadi:

  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika instituti.

Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikat (Milliy sertifikat) yoki xalqaro tan olingan sertifikatning tegishli darajalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘qishga kirish sinovlarida berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, 1 fevraldan ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumta’lim muassasalarda (sinflar) ishlayotgan S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab 2 yil davomida ustama to‘lanadi. Bunda ustama o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida bo‘ladi.

Bunda rus tili bo‘yicha Test of Russian as a Foreign Language (TORFL) xalqaro sertifikatining C1 darajasi, «Test po russkomu yazыku kak inostrannomu» (TRKI) xalqaro sertifikatining TRKI 3 darajasi, «Test po russkomu yazыku kak inostrannomu» xalqaro sertifikatining S1 darajasi hamda Common European Framework of Reference (CEFR) metodikasi bo‘yicha S1 darajadagi sertifikatlar o‘zaro muvofiq hisoblanadi.

Qaror bilan xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga bir martalik 15 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2022 yil 1 martdan chet tili fani o‘qituvchilarining tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega bo‘lishga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan maktablar uchun zamonaviy til o‘rgatish metodikalari asosida ishlab chiqilgan chet tili darsliklari chop etiladi.

2022 yil 1 sentabrdan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari chet tili fani o‘qituvchilarining attestatsiyasi jarayoni o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Joriy yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha ispeksiyaning Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:

  • bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi;
  • vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarda faoliyatini amalga oshirganida ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno).