O‘zbekiston Markaziy banki nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan yangi kupyurani muomalaga chiqarishni rejalashtirayotgani yo‘q. Bu haqda 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

2021 yilda regulyator tomonidan 2000 va 20000 so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarildi, shuningdek, 5000, 10000, 50000 va 100000 so‘mlik banknotalar dizayni yangilandi. Biroq MB 1000 so‘mlik kupyurani yangilamoqchi emas.

«Biz 1000 so‘mlik kupyuralarni qayta muomalaga chiqarish niyatimiz yo‘q. Biz 1000 so‘mlik tanga chiqarishni [rejalashtirmoqdamiz]. Afsuski, tangalardan foydalanish hayotimizdan chiqib ketdi. Biz 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalarni chiqardik… 1000 so‘mlik kupyuralarni tangalarga almashtirmoqchimiz», — dedi u.

Mamarizo Nurmuratovning ma’lum qilishicha, 500 so‘mlik tangalar, shuningdek, 1000 va 2000 so‘mlik kupyuralar eng ko‘p qo‘llaniladigan banknotalar hisoblanadi.

«Shuning uchun 1000 so‘mni tangaga aylantiradigan bo‘lsak, bu, bir tomondan, ushbu banknotning muomalasini tashkil etish xarajatlarini kamaytiradi, boshqa tomondan, ulardan foydalanishda qulaylik yaratmoqchimiz», — dedi u.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda muomaladagi naqd pullar tarkibida katta nominalga ega bo‘lgan banknotalar ulushi ortishi hisobiga banknotlarning umumiy soni sezilarli darajada kamaygan. Xususan, 2021 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida 100 ming so‘mlik banknotlarning ulushi 27,3 foizdan 34,8 foizga yetgan bo‘lsa, 50 ming so‘mlik banknotlarning ulushi 38,8 foizdan 34,2 foizga, 10 ming so‘mlik — 15,7 foizdan 14,5 foizgacha, 5 ming so‘mlik — 16,1 foizdan 12,7 foizgacha, 1000 so‘mlik — 2,1 foizdan 1,4 foizgacha kamaygan.

Avvalroq Markaziy bank 2024 yilda 200 ming so‘mlik banknotlarni muomalaga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.